Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qarori bilan tasdiqlangan “Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi NIZOMning 63-bandiga muvofiq Kasbiy qayta tayyorlash (ixtisoslashuv) — oliy pedagogik maʼlumotli mutaxassislar tomonidan taʼlimning tegishli turi Davlat taʼlim standarti (Davlat taʼlim talablari) bilan belgilanadigan oʻqitishning talab etiladigan sifatini taʼminlaydigan darajada oʻquv fani yoki kurs boʻyicha pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va yetarli hajmda yangi kasbiy bilimlar, malaka va koʻnikmalarni oʻzlashtirish hisoblanadi.
Bundan kelib chiqadiki, oʻqituvchi oliy maʼlumotli pedagog boʻlsa, taʼlimning boshqa sohasi boʻyicha qayta tayyorlovdan oʻtishi mumkin boʻladi.
Qo‘shimcha ma’lumot o‘rnida, avvalroq, «Qaysi fan oʻqituvchilari tarbiya fanidan ham dars berishi mumkin?» nomli sarlavha ostida xabar e’lon qilgan edik.
Unga ko‘ra, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2024-yil 27-maydagi 168-son buyrugʻiga koʻra, “Tarix”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va huquq” mutaxassisligiga ega oʻqituvchilar 5-11-sinflarda “Tarbiya” fani boʻyicha dars oʻtishlariga ruxsat berilgan.
Bunda 5-11-sinflarda “Tarbiya” fanidan dars beradigan “Tarix”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va huquq” mutaxassisligiga ega oʻqituvchilarga “Tarbiya” fanidan malaka toifasi boʻlmagan hollarda amaldagi malaka toifasiga mos ravishda haq toʻlanadi.
