Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi davlat bog‘chasi direktori fuqaroni tarbiyachi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 300 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Qayd etilishicha, sud hukmiga muvofiq 2022-yil 7-oktyabrdan buyon Buxoro shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori lavozimida ishlab kelgan shaxs o‘z xizmat vakolatlaridan shaxsiy boyish maqsadida foydalangan.
U o‘zi rahbar bo‘lgan ta’lim tashkilotida kadrlarni tanlash va ishga qabul qilish vakolatidan foydalanib, fuqaroni tarbiyachi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 300 AQSH dollari miqdorida pora talab qilgan.
Mazkur pullardan 100 AQSH dollarini 2025-yil aprel oyida o‘zining xizmat xonasida olgan. Shuningdek, 2025-yil fevral–iyun oylari davomida fuqaroning jami 2 648 258 so‘m miqdoridagi oylik ish haqlarini oyma-oy tarzda vositachi — tashkilotdagi tarbiyachi yordamchisi orqali pora sifatida olib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Keyinchalik, 2025-yil 29-iyul kuni fuqaroni tarbiyachi lavozimidan ishdan bo‘shatgan. Shundan so‘ng, u avval pora sifatida olgan pul mablag‘larini qaytarishga uringan.
Jumladan, 2025-yil 13-avgust kuni soat 15:20 da muqaddam olingan 100 AQSH dollarini tarbiyachi yordamchilari orqali qaytarib berayotgan vaqtida Buxoro shahridagi Naqshband ko‘chasida joylashgan 2-sonli “Baxt uyi” binosi oldida Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Avvalroq, Farg‘onada bog‘cha direktori yordamchi tarbiyachidan 100 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.

