Ijtimoiy tarmoqlarda Uchkoʻprik tumanida bogʻcha mudirasi tarbiyachining shtatini 0,5 dan 1 stavkaga koʻpaytirib berish uchun 100 AQSH dollari olgani sabab sudlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 11-sentyabr kuni Uchko‘prik tumani davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori mazkur muassasada yordamchi-tarbiyachi lavozimida ishlovchi xodimning 0,5 shtat ish birligini 1,0 shtat ish birligiga o‘zgartirib berish evaziga pora talab qilgan.
U 100 AQSH dollarini o‘zining xizmat xonasida olayotgan vaqtida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasining 1-qismi bilan 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, uch yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Avvalroq, Surxondaryo viloyatidagi umumtaʼlim maktablaridan birining direktori fuqaroni kotibalik lavozimiga ishga olish evaziga 200-300 AQSH dollar miqdorida pul talab qilgani haqida xabar bergan edik.

