Farg‘ona viloyati So‘x tumani G‘aznov qishlog‘idagi 21-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Isojonov Farruxjon Suhrobjon o‘g‘li bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bu esa unga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini beradi.
U matematikadan A, ingliz tilidan CEFR B2, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan C+ darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Farruxjon kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)da iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan uning tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.
“Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfdan keyin paydo bo‘ldi”
O‘quvchining aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfni tugatganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng, u o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, muntazam tayyorgarlikni boshlagan.
“Har bir fan bo‘yicha tayyorgarlik muddati ham turlicha bo‘lgan: matematikaga 1,5 yil, ingliz tilidan 5–6 oy, tarixga 1,5 oy, ona tili uchun esa 2–3 hafta vaqt sarfladim”.
Tayyorgarlik jarayonida matematika va ingliz tilidan repetitor bilan shug‘ullangan bo‘lsa, tarix va ona tili fanlarini mustaqil ravishda onlayn tarzda o‘rgangan.
“Ko‘p «mock test»lar ishlash – tarix va ona tili fanlaridan sertifikat olishimda katta yordam berdi,” — deydi u.
Lekin, sinov paytida matematika fanidan testlar ancha qiyin bo‘lgan, qolgan fanlar esa u kutgan darajada kechgan.
“Kechasi 12 gacha o‘qirdim, ertalab 5 da yana davom ettirardim”
Farruxning so‘ziga ko‘ra, uning kun tartibi zich bo‘lgan. Ba’zida kechasi uxlamasdan dars qilgan vaqtlari ham bo‘lgan.
“Kechasi soat 12 gacha dars qilardim. Ertalab esa soat 5 da turib yana tayyorgarlikni davom ettirardim. Maktabdan keyin repetitorga qatnab, so‘ng yana dars qilardim. U paytlar kamroq uxlardim, ba’zi vaqtlar uxlamasdan dars qilib chiqqanman”.
“Qo‘rquv — eng katta to‘siq”
Tayyorgarlik jarayonida tushkunlik holatlari ham kuzatilgan. Biroq u o‘ziga bo‘lgan ishonch orqali bunday vaziyatlarni yenga olgan.
“Inson o‘ziga ishonishi kerak. “Men uddalayman” degan gapni doimiy o‘ziga aytib yurishi kerak. Qo‘rquv – eng yomon narsa. Inson bilgan narsasini ham unutib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun hayajonni yengish juda muhim”.
Shuningdek, ayrim hollarda savolni to‘liq yechmasdan, variantlarni tahlil qilib, noto‘g‘rilarini chiqarib tashlash orqali to‘g‘ri javob ehtimolini oshirish mumkinligini ta’kidladi.
“Oxirgi 3 oy telefonsiz o‘qidim”
O‘quvchi sertifikatga tayyorgarlik davomida telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashga e’tibor qaratgan. Ingliz tilini o‘rganishda telefondan foydalangan bo‘lsa-da, imtihonga 3 oy qolganda telefonni umuman ishlatmaganini bildirdi.
“Faqat o‘qib, dangasalikni yengish kerak. Hayajonni yo‘qotib “men uddalayman” degan ishonch bilan maksimal harakat qilish kerak..”
Farruxjonning fikricha, maktablarda yuqori natijaga erishadigan o‘quvchilar sonini ko‘paytirish uchun dars sifatini oshirish va o‘quvchilarni aynan sertifikat imtihonlariga yo‘naltirilgan tizim asosida tayyorlash maqsadga muvofiq.
Avvalroq, 5 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan Surxondaryo viloyatidagi maktabning 11-sinf o‘quvchisi Choriyeva Madina Ilhomovna bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
