Oʻzbekistonda taʼlim darajasi oshgani sari aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi ham ortib bormoqda. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan mamlakatda moliyaviy ommaboplik boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotda maʼlum qilingan.
Moliyaviy ommaboplik taʼlimga bevosita bogʻliq
Tahlillarga koʻra, oliy maʼlumotga ega katta yoshlilar moliyaviy xizmatlardan faolroq foydalanadi. Xususan, ular orasida bankdan qarz olganlar ulushi 19 foizni tashkil etgan boʻlsa, maktab taʼlimini ham olmagan qatlamda bu koʻrsatkich atigi 5 foizga teng.
Shuningdek, bank hisob raqamiga egalik darajasi ham taʼlimga qarab keskin farqlanadi. 8–9 yil taʼlim olganlar orasida bu koʻrsatkich 50 foizni tashkil etsa, oliy maʼlumotlilar orasida 70 foizga yetadi. Bu esa taʼlim darajasi oshgani sari moliyaviy tizimga integratsiya kuchayishini ko‘rsatadi.
Bandlik va moliyaviy faollik oʻrtasida bogʻliqlik mavjud
Tadqiqot natijalari bandlik holati ham moliyaviy ommaboplikka sezilarli taʼsir koʻrsatishini ma’lum qiladi. Ish bilan band aholining 77 foizi bank hisobiga ega boʻlsa, nafaqaxoʻrlar orasida bu koʻrsatkich 72 foizni tashkil etadi. Oʻzini oʻzi band qilganlarda 49 foiz, ishsizlarda esa 42 foiz darajasida qolmoqda.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, ushbu tafovutlar jinsiy yoki hududiy farqlarga nisbatan ancha yaqqolroq namoyon boʻladi.
Raqamli moliyaviy xizmatlarda ham tafovut saqlanmoqda
Hisobotda qayd etilishicha, raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanish darajasi ham asosan taʼlim, yosh va bandlik omillariga bogʻliq. Mamlakat boʻyicha internetdan foydalanish darajasi oʻrtacha 76 foizni tashkil etadi. Biroq oliy maʼlumotlilar orasida bu koʻrsatkich 87 foizga yetgan boʻlsa, oʻrta taʼlim darajasiga ega aholida 66 foiz atrofida shakllangan.
Yoshlar orasida esa raqamli imkoniyatlar ancha keng: 18–30 yoshdagilarning 90 foizi, oʻquvchilarning 94 foizi internetdan foydalanadi. 60 yoshdan oshganlarda esa bu koʻrsatkich 45 foiz bilan cheklanadi.
Bandlik ham muhim omil sifatida qayd etilgan: ish bilan band aholining 95 foizi internetdan foydalanish imkoniga ega ekanini bildirgan, nafaqaxoʻrlar orasida esa bu koʻrsatkich 48 foizni tashkil etadi.
Hududiy tafovutlar ham sezilarli
Tadqiqot natijalari hududlar oʻrtasida ham farq mavjudligini ko‘rsatadi. Xususan, Toshkent shahrida internetdan foydalanish darajasi 94 foizga yetgan boʻlsa, ayrim janubiy viloyatlarda bu koʻrsatkich 62 foiz atrofida qayd etilgan. Bu tafovutlar raqamli toʻlovlar va mobil moliyaviy xizmatlardan foydalanishda ham aks etmoqda.
Moliyaviy savodxonlik — asosiy omillardan biri
Hisobotda taʼkidlanishicha, moliyaviy xizmatlardan foydalanish faqat infratuzilma emas, balki aholining moliyaviy savodxonligiga ham bevosita bogʻliq. Ko‘plab fuqarolar kredit shartlari, foiz stavkalari va moliyaviy mahsulotlarning mohiyatini to‘liq tushunmaydi.
Natijada, ayrim hollarda rasmiy moliyaviy xizmatlardan foydalanishdan ko‘ra, norasmiy usullar afzal ko‘riladi.
OTB ekspertlari fikricha, Oʻzbekistonda moliyaviy ommaboplikni yanada oshirish uchun:
- taʼlim darajasini yuksaltirish,
- moliyaviy savodxonlikni kuchaytirish,
- bandlikni rasmiylashtirish,
- raqamli infratuzilmani rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
