Navoiy shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Muslima Sulaymonova xalqaro IELTS imtihonidan 8.0 ballni qo‘lga kiritdi. Uning ta’kidlashicha, ikki hafta davomida intensiv tayyorlanib, yuqori natijaga erishgan.
U IELTS imtihonining turli qismlaridan quyidagicha natija qayd etgan:
Listening — 9.0
Reading — 8.5
Writing — 6.5
Speaking — 7.0
Overall: 8.0
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchidan ayrim savollarga javob oldi. Muslima Sulaymonova IELTS imtihoniga tayyorgarlik jarayoni, strategiyalari va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
‘‘..oxirgi 2 hafta davomida to‘liq “lock in” qilib, mashq qildim’’
Muslimaning ta’kidlashicha, u maktab darslari orqali ingliz tilini o‘rganib kelgan ammo IELTS uchun jiddiy tayyorgarlik imtihonga 2 hafta qolganida boshlangan.
“Aslida, ingliz tilini maktab darslari orqali doimiy ravishda o‘rganib kelganman. Lekin aynan IELTS imtihoniga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish uchun oxirgi 2 hafta davomida to‘liq “lock in” qilib, intensiv mashq qildim. Shu vaqt ichida har kuni testlar ishlab, imtihon formatiga moslashishga harakat qildim. Natijada, overall 8.0 natijaga erishdim”.
Kunlik tayyorgarlik rejimi
“Oxirgi ikki hafta davomida har kuni deyarli IELTS bilan shug‘ullandim. Odatda, kunlik rejimim quyidagicha edi:
-
1 ta Listening testi;
-
1 ta Reading testi;
-
Writing sample’larni o‘qish va esse yozishga mashq qilish;
-
YouTube orqali speaking practice qilish”.
Eng qiyin bo‘lim
Muslimaning aytishicha, IELTS imtihonidagi eng murakkab bo‘limlardan biri – Writing bo‘lgan.
“Ayniqsa, “time management” masalasi biroz qiyinchilik tug‘dirgan. Sababi writing’da nafaqat grammatik jihatdan to‘g‘ri yozish, balki fikrlarni aniq va mantiqiy tarzda tartib bilan bayon qilish ham muhim. Shu sababli, ko‘proq essay sample’larni o‘rganib, ularning strukturasi va argument berish uslubiga e’tibor qaratdim”.
‘‘YouTube — speaking uchun foydali’’
Muslima tayyorgarlik jarayonida bir nechta manbalardan foydalanganini aytadi.
‘‘YouTube — ayniqsa speaking uchun foydali videolar.
Telegram kanallari — writing sample’lar (insho namuna) va foydali materiallar.
Cambridge IELTS kitoblari — Listening va Reading testlari uchun.
Bundan tashqari, maktabdagi ingliz tili o‘qituvchim bilan tayyorlanganman. U kishining yordami juda katta bo‘ldi’’.
“Eng muhim narsa — imtihon formatiga ko‘nikish”
“Har bir bo‘lim uchun alohida strategiyadan foydalandim:
Listening: ko‘p test ishlash va savollarni oldindan o‘qib olish.
Reading: savollarni chuqur tushunib olish va matnni diqqat bilan o‘qish.
Writing: ko‘proq essay sample’larni o‘rganish va strukturaga e’tibor berish.
Speaking: YouTube orqali “practice” qilish va erkin gapirishga odatlanish”.
Eng muhim narsa — imtihon formatiga ko‘nikish.
Reading bo‘limida vaqt taqsimoti
“Reading’da men odatda, avval barcha savollarni diqqat bilan o‘qib va tushunib chiqaman. Shundan keyin, matnni boshidan oxirigacha diqqat bilan o‘qib, javoblarni topib boraman.
Bu usul menga matnni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Eng muhim narsa — savollarni to‘g‘ri tushunish va vaqtni bitta savolga ortiqcha sarflamaslik”.
‘‘Listening’da eng muhimi — diqqatni yo‘qotmaslik’’
“Listening’da eng muhim narsa — diqqatni yo‘qotmaslik. Ko‘pincha audioda savoldagi so‘zning aynan o‘zi emas, balki uning sinonimi ishlatiladi. Shuning uchun, savollarni oldindan o‘qib chiqish va kalit so‘zlarga e’tibor berish juda muhim”.
— Tayyorlanish davomida motivatsiya pasaygan paytlar bo‘ldimi?
“Ba’zi paytlarda motivatsiya biroz pasaygan. Shunday paytlarda ustozlarim va oila a’zolarimning qo‘llab-quvvatlashi menga katta motivatsiya berdi. Ularning ishonchi va dalda berishi tufayli tayyorgarlikni davom ettirishga kuch topdim”.
“AQSHda tibbiyot yo‘nalishida o‘qish mening asosiy maqsadlarimdan biri”
Muslima kelajakda tibbiyot sohasida ta’lim olishni rejalashtirmoqda.
“Kelajakda tibbiyot sohasida o‘qishni rejalashtiryapman. Ayniqsa, tibbiyoti juda rivojlangan davlatlardan biri bo‘lgan AQSHda o‘qish mening asosiy maqsadlarimdan biri”.
‘‘..“mock” imtihonlarda ko‘proq qatnashish kerak’’
“Eng muhim maslahat — ko‘p practice qilish. IELTS bu faqat ingliz tilini bilish emas, balki imtihon strategiyasini tushunish hamdir. Shuning uchun, ko‘proq test ishlash, “sample” javoblarni o‘rganish va speaking’ni muntazam mashq qilish juda foydali.
Bundan tashqari, imkon bo‘lsa “mock” imtihonlarda qatnashish ham juda muhim. Bu orqali haqiqiy imtihon muhitini his qilish va vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni o‘rganish mumkin. Shuningdek, imtihonga emotsional jihatdan tayyor bo‘lish ham katta rol o‘ynaydi. O‘zingizga ishonch bilan kirish natijaga ham ijobiy ta’sir qiladi”.
IELTS imtihonida eng ko‘p uchraydigan xatolar
‘‘Menimcha, eng ko‘p uchraydigan xatolar quyidagilar:
- vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash;
- savolni diqqat bilan o‘qimaslik;
- imtihonga yetarlicha tayyor bo‘lmasdan yoki stress bilan kirish.
Shuning uchun, nafaqat akademik tayyorgarlik, balki “mock test”lar orqali tajriba orttirish va emotsional jihatdan tayyor bo‘lish ham juda muhim deb o‘ylayman’’.
Muslimani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS’dan 7.0 ballni qoʻlga kiritgan qashqadaryolik 7-sinf oʻquvchisi Dilnur Olimova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
