“Eng asosiysi — intizom va tartibni saqlash”: Navoiylik 11-sinf oʻquvchi qiz 189 ball bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

“Eng asosiysi — intizom va tartibni saqlash”: Navoiylik 11-sinf oʻquvchi qiz 189 ball bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi 38-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Toʻlqinova Shahrizoda tegishli 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikka erishdi.

 

Shahrizoda 5 ta: kimyo (A), biologiya (A+), ona tili (B+), matematika (C), va Oʻzbekiston tarixi (B) fanlaridan maksimal natija qayd etdi va maksimal 189 ballni qoʻlga kiritdi. U ushbu natijasi bilan oʻzi tanlagan istalgan OTMga grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

“10-sinfdayoq asosiy fanlari kimyo va biologiyadan sertifikat olib boʻlgandi”

 

Shahrizodaning onasining soʻzlariga koʻra, Shahrizoda kichik yoshlaridayoq shifokor boʻlishni xohlagan. Ota-onasi qizining ushbu qiziqishlarini inobatga olgan holatda uni yaxshi taʼlim olishi uchun toʻgʻri yoʻnaltira olgan. Shahrizoda maktabda ham tirishqoq oʻquvchilardan. U 9-sinfda biologiya fanidan fan olimpiadasida respublika bosqichigacha yetib kelolgan kam sonli oʻquvchilardan biri boʻlgan.

 

“Biz uning maqsadlarini doimo qoʻllab-quvvatlaymiz. Shifokor boʻlmoqchi ekanligini kichkinaligidan beri aytib keladi. Yuqori sinfga chiqqach uni asosiy fanlarga yoʻnaltirishni boshlaganmiz. Qoʻshimcha tayyorgarliklarni 8-sinfligidan boshlagan va 10-sinfdayoq asosiy fanlari boʻlgan kimyo va biologiyadan eng yaxshi natijalar bilan milliy sertifikatni qoʻlga kiritdi”, — deydi onasi.

“Eng asosiysi — intizom va tartibni saqlash”: Navoiylik 11-sinf oʻquvchi qiz 189 ball bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

“Qiziqqan fanlarimni oʻqishda qancha oʻqisam ham charchoqni his qilmasdim”

 

Shahrizoda ushbu natijaga erishishda qoʻshimcha kurslar bilan birgalikda maktab oʻqituvchilari bilan oʻrgangan bilimlari ham katta ahamiyatga egaligini bildirdi. Uning aytishicha, yaxshi natija uchun faqat ustozlar bergan vazifalar bilan chegaralanib qolish kerak emas. U darslar va berilgan vazifalardan tashqari uyda oʻzi doimo shugʻullangan, olgan bilimlarini takrorlagan, mustaqil oʻqishga koʻp urgʻu bergan.

 

Shahrizoda biologiya faniga juda qiziqqan va ushbu fanga tayyorlanish jarayonida qancha oʻqisa ham charchoqni, qiyinchilikni his qilmagan. Uning soʻzlariga koʻra, inson oʻzi qiziqqan sohani oʻrgansa, tezroq yaxshi natijaga erishadi.

 

“Men uchun nisbatan eng qiyin fan kimyo boʻldi. Chunki u koʻproq hisob-kitob va diqqat talab qiladi. Eng oson va sevimli fanim esa biologiya. Bu fan menga juda qiziqarli boʻlgani uchun uni oʻrganish jarayonidan charchamadim”, — deydi u.

 

“Eng asosiysi — intizom va tartibni saqlash”

 

Shahrizoda milliy sertifikat imtihoniga tayyorlanish davomida 10-12 soatlab dars qilmaganligini, barcha narsada meʼyorga eʼtibor berganini aytdi. U bir kun kamroq, boshqa kuni koʻproq dars qilgan, lekin hammasi uzluksiz va tartib asosida boʻlgan. Shahrizodada belgilangan vaqtda samarali tarzda dars qilish boʻyicha odat shakllangan.

 

“Oʻqishni meʼyorida va reja asosida olib bordim. Har kuni belgilangan vaqt davomida, samarali tarzda shugʻullandim. Baʼzi kunlari koʻproq, baʼzi kunlari kamroq oʻqidim, lekin eng asosiysi — uzluksizlik va tartibni saqlashga harakat qildim”, — deydi Shahrizoda.

 

 

“Sen boʻlajak shifokorsan! Bu qiyinchiliklar inson hayotini saqlab qolishchalik qiyin emas!”

 

Shahrizodada ham boshqalar singari charchash, darslardan bezor boʻlish, baʼzida esa toʻxtashni xohlagan paytlar boʻlgan. Shunday kunlarda unga ota-onasi eng katta motivatsiya berolgan.

 

«Tayyorlanish jarayonida qiyinchiliklar boʻlgan paytlar koʻp boʻlgan. Baʼzan charchab, hatto taslim boʻlishni xohlardim. Shunday vaziyatlarda onamning aytgan birgina gapi menga juda katta kuch berardi:

“Sen boʻlajak shifokorsan! Bu qiyinchiliklar inson hayotini saqlab qolishchalik qiyin emas!”

Onamning shu soʻzlari menga faqat darslarni emas, kelajakdagi masʼuliyatimni ham eslatardi. Chunki shifokorlik — bu shunchaki kasb emas, balki inson hayoti uchun javobgarlikdir. Oʻsha paytlarda men oʻzimga “agar bugungi qiyinchiliklarga bardosh bera olmasam, ertaga odamlarning sogʻligʻi uchun qanday javob beraman” degan savolni berardim. Aynan shu motivatsiya meni yana dars stoliga qaytarar, maqsadimdan chalgʻimaslikka undar edi. Har bir sinov, har bir qiyin mavzu kelajakda inson hayotini saqlab qolishga xizmat qilishini anglab, oʻzimda yana kuch topardim. Onamning ishonchi va duolari esa meni oldinga yetaklagan eng katta tayanch boʻldi», — deb taʼkidlaydi 189 ball sohibasi Shahrizoda Toʻlqinova.

 

 

Shahrizoda suhbat yakunida tengqurlariga maqsadni ertaroq va aniq qoʻyishni tavsiya qildi. Chunki aynan ikkalasi yaxshi natijaga borishni tezlashtirishini aytib oʻtdi. Shuningdek, uning soʻzlariga koʻra, ustozlar maslahatiga quloq tutish va mustaqil oʻqishni odatga aylantirish juda muhim. Eng asosiysi esa oʻziga ishonish va hech qachon taslim boʻlmaslik kerak.