“Sertifikat uchun bitta fandan 3 yilga yaqin tayyorlandim” — muddatidan avval talaba bo‘lgan surxondaryolik o‘quvchi tajribasi

“Sertifikat uchun bitta fandan 3 yilga yaqin tayyorlandim” — muddatidan avval talaba bo‘lgan surxondaryolik o‘quvchi tajribasi

Surxondaryo viloyati Angor tumani 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Choriyeva Madina Ilhomovna 5 ta fandan milliy sertifikatlar olib, muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi.

 

U kimyo fanidan A+, biologiyadan A, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan B, matematikadan esa C+ darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.

 

Yosh o‘quvchining ushbu natijalari ortida uzoq muddatli mehnat, qat’iyat va puxta rejalashtirilgan tayyorgarlik jarayoni turibdi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan uning tayyorgarlik jarayoni va kelajak rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“Dastlab faqat biologiyadan sertifikat olishni rejalashtirgan edim”

 

Madina kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad qilgan. Shu bois, u Toshkent davlat tibbiyot universitetining Davolash ishi fakultetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

O‘quvchining ta’kidlashicha, sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lgan. U avvaliga faqat biologiya fanidan sertifikat olmoqchi bo‘lgan.

 

“Sertifikat olish g‘oyasi 10-sinf paytimda paydo bo‘lgan. Dastlab biologiyadan sertifikat topshirish niyatim bor edi. Uni olgach, ustozlarimning maslahatlari bilan boshqa fanlardan ham tayyorgarlik ko‘rishni boshladim”, — deydi u.

 

“Ba’zi fanlarga 2-3 yil tayyorgarlik ko‘rdim”

 

Madinaning aytishicha, u biologiya va kimyo fanlariga ancha oldindan tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.

 

Biologiya va kimyo — 2–3 yil

 

Tarix va matematika — har biriga 5 oydan

 

Ona tili va adabiyot — 2 oy

 

“Savollar oson edi, lekin vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muhim”

 

Tayyorgarlik jarayonida u turli manbalardan foydalangan.

 

“Repetitorlarga qatnab tayyorlandim. Kimyo fanidan esa Husniddin Ergashevning videodarslarini ko‘rib ham shug‘ullandim. O‘qigan ma’lumotlarimni mustahkamlash uchun ularni bir necha marta yozib takrorlar edim”.

 

O‘quvchining aytishicha, test savollari kutilgan darajada bo‘lgan.

 

“Savollar darajasi yaxshi, hatto oson desa ham bo‘ladi. Agar vaqtni to‘g‘ri taqsimlasa, ishlash mumkin. Lekin shaxsan o‘zimda vaqt bilan biroz muammolar bo‘ldi”, — deydi u.

 

“Maktab va tayyorgarlikni birga olib borish qiyin bo‘ldi”

 

Bir vaqtning o‘zida maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlik olib borish oson emas. Mazkur o‘quvchimizda ham qiyinchiliklar bo‘lgan.

 

“Maktab va tayyorgarlikni birga olib borish qiyin bo‘ldi. Ba’zida maktabda ham vazifalarimni tayyorlab o‘tirishga to‘g‘ri kelardi”.

 

Shuningdek, o‘sha paytlar uyqu rejimiga amal qilmagani, ancha kech uxlaganini qo‘shimcha qildi.

 

“Tushkunlik paytida ustozlarim va ota-onam yordam berdi”

 

Madina tayyorgarlik davomida ba’zan qiyinchiliklarga duch kelganini bildirdi.

 

“Ba’zan past natija qayd etganimda tushkunlikka tushar edim. Bu vaziyatdan chiqib ketishimda ustozlarim va ota-onam yordam berdilar. Ular tufayli hali ko‘p harakat qilishim kerakligini, inson avvalo, o‘ziga ishonishi va maqsadiga erishmaguncha harakatdan to‘xtamasligi kerakligini angladim”.

 

“Testni topshirgach, javoblarni qayta tekshirardim”

 

O‘quvchining so‘ziga ko‘ra, tayyorgarlik davomida qilgan xatosini qayta qilmaslikka harakat qilgan.

 

“Testni ishlab bo‘lgach, albatta ikkinchi marta qayta ko‘rib chiqib, keyin javobni belgilardim”.

 

“Telefonni faqat o‘qish uchun ishlatdim”

 

Shuningdek, telefondan faqat foydali maqsadlarda foydalanishga harakat qilgan.

 

“Telefondan foydalanishda faqat ma’lumot tezroq qidirib topish uchun, onlayn darslarni ko‘rish uchun ishlatganman. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lmaganman va foydali tomonlari ko‘proq deb o‘ylayman. Albatta,  insonning qanday foydalanishi o‘ziga bog‘liq”, — deydi u.

 

“Agar chin dildan harakat qilsangiz, albatta maqsadingizga erishasiz”

 

“Inson o‘ziga berilgan vaqt, imkoniyat va ishonchdan to‘g‘ri foydalanishi, ortiqcha narsalarga chalg‘imasdan kelajagi uchun harakat qilishi kerak. Agar chin dildan harakat qilsangiz, albatta maqsadingizga erishasiz”.

 

“O‘quvchilar qiziqqan fanlariga ko‘proq e’tibor berish kerak”

 

Madinaga “Sizningcha, shunday natija ko‘rsatadigan o‘quvchilar sonini ko‘paytirish uchun maktablarda nimani o‘zgartirish kerak? deb savol berganimizda, u maktablarda o‘quvchilarning qiziqqan fanlarini chuqurroq o‘qitilgani yaxshi deya javob berdi.

 

“O‘quvchilarni o‘zi qiziqqan fanlaridan ko‘proq dars qo‘yilishi, darslikdan tashqari qo‘shimcha kitoblar bilan shug‘ullanish va ayniqsa,  o‘qituvchilarni bilimi talabga javob bera olishini ta’minlash kerak. Iloji bo‘lsa faqat milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni ishga olish kerak deb o‘ylayman”.

 

Ayni paytda o‘quvchimiz bo‘sh vaqtida bilimini yanada oshirishga harakat qilayotganini bildirdi.

 

“Hozir ingliz tilini o‘rganyapman va badiiy kitoblar o‘qiyapman”.

 

Madinani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan avval talabalikni naqd qilgan samarqandlik 11-sinf o‘quvchisi Kumush Abdurazzoqova bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish