Bolalik davri insonning kognitiv rivojlanishi uchun eng muhim bosqichlardan biridir. Aynan shu davrda bolaning xotirasi, diqqat-e’tibori, mantiqiy fikrlashi, nutqi hamda mayda motorika ko‘nikmalari faol shakllanadi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan e’lon qilingan tavsiyaviy materialda pedagogika va psixologiyada bolalarning aqliy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda o‘yinga asoslangan intellektual mashqlar muhim metodlardan biri hisoblanishi izohlangan.
Mazkur metod bolalarning kognitiv qobiliyatlarini rivojlantirish uchun turli didaktik o‘yinlar va o‘yin uslublaridan foydalanishga asoslanadi. O‘yin jarayonida bola bilimlarni tabiiy ravishda o‘zlashtiradi, yangi tushunchalarni o‘rganadi va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
O‘yinga asoslangan mashqlarning asosiy tarkibiy elementlari
O‘yinga asoslangan intellektual mashqlar bir nechta muhim komponentlardan iborat:
Tizimli o‘yin faoliyati.
O‘yinlar muntazam ravishda tashkil etilishi kerak, biroq ular bolaning ortiqcha charchashiga olib kelmasligi lozim. Mashg‘ulotlar qisqa, qiziqarli va faol bo‘lishi tavsiya etiladi.
Yorqin va aniq didaktik materiallar.
Bolalar uchun rang-barang, vizual jihatdan qiziqarli vositalardan foydalanish muhimdir. Bunday materiallar bolaning diqqatini jalb qiladi va o‘rganish jarayonini yanada samarali qiladi.
Interaktiv elementlar.
Zamonaviy ta’lim jarayonida video materiallar, mobil ilovalar va boshqa texnologik vositalardan foydalanish ham o‘rganish samaradorligini oshiradi.
Mazkur metodning asosiy maqsadi — ta’lim jarayonini qiziqarli, tabiiy va Bolani har tomonlama rivojlanishini ta’minlash.
O‘yinga asoslangan mashqlarga misollar
Bolalar uchun turli o‘yinlar orqali kognitiv ko‘nikmalarni rivojlantirish mumkin.
Saralash va klassifikatsiya o‘yinlari – bolaga o‘yinchoqlar yoki uy buyumlari yordamida predmetlarni rang, shakl yoki o‘lcham bo‘yicha saralashni taklif qilish mumkin. Bunday mashqlar mantiqiy fikrlashni rivojlantiradi hamda diqqatni mustahkamlaydi.
Suv va qum bilan o‘yinlar – suvni turli idishlarga quyish yoki qumdan turli shakllar va konstruktsiyalar yaratish bolalarning sensor tajribasini boyitadi. Shu bilan birga, bunday faoliyat mayda motorika rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kitob o‘qish va hikoya tuzish – bolalarga oddiy va rangli kitoblarni o‘qib berish, rasmlarni tasvirlab berishni so‘rash yoki ular asosida hikoya tuzishni taklif qilish bolalarda tasavvur, fantaziya va nutq qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Barmoq o‘yinlari – “Qarg‘aning barmoqlarini sanash” kabi oddiy barmoq o‘yinlarini birgalikda bajaring — buning orqali motorika va nutqda takrorlash ko‘nikmalarini rivojlantirish mumkin.
Didaktik vositalardan foydalanish – montessori ramkalari, mozaika, loto, domino, Montessori silindrlari kabi didaktik vositalar bolalarda kichik motorika, diqqat va fazoviy fikrlashni rivojlantirishga yordam beradi.
Topishmoqlar va jumboqlar – bolalar uchun mo‘ljallangan mantiqiy o‘yinlar, masalan, Nikitin kubiklari yoki “Sudoku” kabi o‘yinlar orqali yashirin ma’nolarni anglash, mantiqiy fikrlash va xotirani mustahkamlashga yordam beradi.
Musiqiy mashg‘ulotlar – oddiy musiqa asboblarini chalishni o‘rganish xotira va motorikani rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Metodning muhim jihatlari
O‘yinga asoslangan intellektual mashqlarni tashkil etishda bir necha muhim tamoyillarga amal qilish zarur.
Tizimlilik.
Mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilishi kerak, biroq ular bolaning charchashiga olib kelmaydigan bo‘lishi zarur.
Bolalarning qiziqishi.
O‘yinlar bolalarda ijobiy hissiyot uyg‘otishi va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishi muhimdir.
Rag‘batlantirish.
Bolalarning har qanday kichik muvaffaqiyati ham maqtov va qo‘llab-quvvatlash orqali rag‘batlantirilishi kerak. Bu ularning motivatsiyasini oshiradi.
Individual yondashuv.
Har bir bola o‘ziga xos qobiliyat va qiziqishlarga ega. Shu sababli o‘yin va mashqlar bolaning individual imkoniyatlari va qiziqishlariga mos ravishda tanlanishi lozim.
Bunday mashg‘ulotlar orqali bola bilimlarni qiziqarli va tabiiy shaklda o‘zlashtiradi, uning xotira, diqqat, nutq va mantiqiy fikrlash ko‘nikmalari rivojlanadi.
Shu sababli ta’lim jarayonida o‘yinga asoslangan metodlardan foydalanish bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun muhim pedagogik yondashuv hisoblanadi.
Avvalroq, maktabgacha yoshdagi bolalarda kasblar haqida dastlabki tasavvurlarni shakllantirish bo‘yicha tavsiyaviy maqola chiqarilgan edi.
