Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida maktab o‘qituvchisi narkokuryerlar olib kirgan “opiy” moddasini xaridorlarga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Sariosiyo tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olingan.
Aniqlanishicha, u tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan olib kirilgan 14 kg 680 gramm “opiy” moddasini shartli xaridorga 180 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda narkosavdogarning jinoiy sheriklarini aniqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilayotgani ma’lum qilingan.
Avvalroq, Toshkentda universitetlardan biridagi yotoqxonada narkokuryer talabalar qo’lga olingani haqida xabar bergan edik.
