Prezident Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik Zulfiya mukofoti sovrindori Latofat Amirovaga uy sovgʻa qildi.
6-mart kuni Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi. Marosim davomida ijodkor Latofat Amirova oʻz sheʼrini oʻqib berdi.
Shuningdek, u Samarqandning chekka hududida yashab, tarjimonlik bilan shugʻullanayotgani haqida ham soʻzlab berdi.
“Ikki nafar farzandning onasi, oliy maʼlumotli uy bekasiman. Chekka bir qishloqda yashab, tarjima bilan shugʻullanaman, ijod qilaman. Turkiya, Ozarbayjon davlatlari bilan hamkorlikda ishlayman”, — deydi shoira Latofat Amirova
Shoiraning soʻzlariga koʻra, u prezident tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan, Zomin tumanida boʻlib oʻtadigan anʼanaviy yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi boʻlib, yakunda 1 milion soʻm pul mukofoti bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Turkona” nomli sheʼriy toʻplami 1000 nusxada nashr etilgan.
Nutq yakunlangach, “Latofat qizimga bugun qaror qabul qilib, Samarqanddan ikki xonali uy bersak”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Kecha, 8-mart kuni Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Latofat Amirovaga Prezident sovgʻasi — 2 xonali uy kalitini topshirdi.
Avvalroq, 2025-yil avgust oyida Andijon viloyatining chekka hududlaridagi maktablarda faoliyat yuritib, oʻquvchilari yuqori natijalarga erishgan ikki nafar oʻqituvchiga Prezident sovgʻasi sifatida Andijon shahar markazidan ikki xonali berilgan edi.
