“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga  400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

Navoiylik 11-sinf oʻquvchi Malika Salimova AQSHdagi eng nufuzli universitetlardan biri boʻlgan Haverford Collegeʼda 400 000 AQSH dollari miqdorida grant yutdi.

 

Malika Salimova «Ibrat Farzandlari» va «Top Uni» loyihalari tomonidan tashkillashtirilgan «Top 100 Uni camp» oromgohida qatnashib, shu yerda o’tkazilgan tanlovda o’zining startup loyihasi bilan 1-o’rinni qo’lga kiritgan.  IELTS 7, SAT 1440 sohibasi. Carnegie Mellon Universitetidagi Phd mutaxassis bilan birgalikda tadqiqot olib borgan. Rossiyada bo’lib o’tgan xalqaro yoshlar festifalida to’liq grant asosida qatnashgan. ELO va Xalqaro Iqtisodiyot Olimpiyadalarining viloyat bosqichida 1-o’rinni olgan. Amerikadagi Haverford College’ga 100% lik grant bilan qabul qilingan o’zbek qizi.

 

“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

 

Malika bilan ushbu grantgacha boʻlgan mashaqqatli yoʻli va mehnatlari haqida suhbatlashdik.

 

 

«Ota-onam oʻzlari oʻqimagan boʻlsada, farzandlarining oʻqishi uchun barcha imkoniyatni qilib berishdi»

 

Malika Salimova Sirojiddin Moʻminov va Mastura Jumayevalarning eng kenja farzandi. Ota-ona qishloqdagi kichik oilaviy doʻkoni orqali daromad qilishadi. Ushbu mehnat ortidan oila taʼminoti, farzandlar oʻqishi taʼminlanadi. Malikaga kichkinaligidan yaxshi oʻqish uchun barcha sharoitlar qilib berilgan. Uning soʻzlariga koʻra, ota-onasi oʻzlari oliy taʼlimda tahsil olishmagan boʻlsada, oʻqish muhim deb bilishadi. Shu sababli barcha farzandlarini oliy maʼlumotli, ilmli, ziyoli qilishga harakat qilishgan.

 

“Maktabimda oʻqish, turar-joy, yashash tekin. Shu sababli doim yotoqxonada qolganman. Haftaning faqat shanba va yakshanba kunlari uyga boraman. Hatto, faqat ikki kun uyda boʻlsam ham, onam «uydagi ishlarni il, darslaringni yigʻishtir” demagan. “Sen darsingni qil, ilmli boʻl” deb, ovqatgacha oʻzlari tayyorlab bergan. Ota-onam meni doim qoʻllab-quvvatlagan. Men ulardan kuch olganman. Oilaviy sharoitimiz tufayli va oʻz kuchimga ishongan holatda chet elga grant yutishga tayyorlaydigan qimmat kurslarda oʻqimaganman. Oʻzim internetdan izlanib, oʻrganardim. Bu jarayon ham menga ancha qiyinlik qilgan, ammo ota-onamning ishonchi, ularning yordami bilan bugun AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming AQSH dollarida yuz foizlik grant yutdim. Bu yutuq ota-onamniki ham, deb bilaman»

 

“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

«Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman»

 

Bugun O’zbekistonda ham xorijiy TOP universitetlarda oʻqiyotgan qizlar soni tobora koʻpaymoqda. Qizlar ilm olishi, yaxshi joylarda oʻqishi uchun, avvalo, oila aʼzolari, ota-onalarning ishonchi, qoʻllovi juda muhim. Malikaning fikricha, ushbu natijaga erishish uchun ota-onasi koʻp yordam bergan. Shulardan eng kattasi – uning oʻqishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berib, xorijda oʻqish uchun ishonch bildirishganlari.

 

“Ota-onam oliy taʼlimda oʻqimagan. Ammo dadam har doim «biz oʻqimadik, ammo farzandlarim eng yaxshi universitetlarda oʻqishi kerak” deb aytardi. Shuning uchun men Oʻzbekistonga qaytib kelib, yaxshi kadr boʻlish uchun Amerikaga oʻqishga topshirganman. Men tanlagan oliygoh «Liberal arts colleges» qatoriga kiradi. «Liberal arts colleges» da faqat bakalavr bosqichi bor. Bu yerda magistratura va doktorantura boʻlmaydi. Bu oliygohnin tanlaganimning asosiy sababi ham ham shunda, yaʼni professorlar, hamma oʻqituvchilar, barcha resurslar bakalavr talabalariga qaratilgan. Katta-katta universitetlarda, masalan Garvard juda katta oliygoh. Bu kabi universitetlarda sizga eʼtibor ham kamroq boʻlishi mumkin.

 

Toʻgʻrisi, “men bu yerga oʻqishga kira olmayman” deb qoʻrqqandim. Chunki, chunki Haverfordda bir yarim mingta oʻquvchi bor. Juda ham kichkina universitet, yaʼni oʻqishga kirish ehtimoli juda past. Oʻtgan yili birinchi marta bir oʻzbekistonlik oʻqishga kirgan. Men ikkinchi oʻzbek talabasi, lekin birinchi oʻzbek qiziman.Universitet menga toʻrt yil uchun 400 ming AQSH dollari, bir yil uchun 100 ming dollarda stipendiya beradi. Shuningdek, oʻqish, yashash xarajatlarim toʻliq qoplanadi.»

“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

 

 

Malika Haverford Collegeʼga iqtisodiyot yoʻnalishida qabul qilingan. Bundan tashqari u man. University of Glasgow, University of Minnesota, Hult International Business School, Augustana College va Germaniyadagi nufuzli universitetlarga ham qabul qilingan. Ammo Malika kichkinaligidan AQSHda oʻqish niyati borligi uchun ham ushbu universitetni tanlagan.

 

“Men dunyoning koʻplab nufuzli universitetlariga hujjat topshirdim va qabul qilindim. Lekin baribir Amerikada oʻqish niyatim boʻlgan, yaʼni Pensilvaniyada. Aynan Pensilvaniya shtati menga juda yoqadi. U yerda katta-katta kompaniyalar bor. Oʻsha kompaniyalarda ishlab, amaliyot o’tab, ana undan keyin Oʻzbekistonga qaytib kelib, oʻz tajribalarimni shu yerda ham qoʻllab koʻrmoqchiman.”

 

Malikaning ushbu universitetni tanlaganining asosiy sabablardan bir Haverfordning Ivy League bilan hamkorlikda ekanligi. Yaʼni, Haverford talabalari shu yerda oʻqib ham bemalol Ivy Leagueʼga kiradigan boshqa universitetlardan ham darslar olish mumkin. Malikaga aynan ushbu imkoniyat juda yoqqan va ular iqtisodiyotni juda kuchli oʻrgatadi.

 

«Xalqaro talabalarning hammasiga ham yuz foizlik grant berilmaydi, ammo men buni uddaladim»

 

Malika universitetning javobini katta qoʻrquv bilan kutgan. Negaki, universitet kichkina boʻlishi bilan birgalik xorijlik talabalarni juda kam oʻqishga qabul qiladi. Shuningdek, ularga toʻliq qoplanadigan grant ajratish ehtimoli ham past.

 

“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

 

«Universitetdan 30-yanvar kuni soat 20:00 da «javoblarni joʻnatamiz» degan birinchi emailni oldim. Ular aytgan vaqt 10 soat farq bilan 31-yanvar kuni 5:00 ga toʻgʻri keldi. Natijani bilgunimgacha qandaydir boshqacha xavotirlanganman, chunki Haverford kichkina universitet. U xalqaro oʻquvchilarni juda kam oladi. Oʻtgan yili birinchi oʻzbek oʻqishga kirgan «qabul qilinmagan boʻlsaM kerak» deb oʻylaganman. Hamma ham, ayniqsa, xalqaro oʻquvchilar 100 foiz grant ololmaydi-da. Umidim deyarli yoʻq edi.

E-mail keldi, uni ochsam “Congratulations!” deb turibdi. Juda xursand boʻlib ketdim. Toʻgʻrisini aytsam, boshqa kollej, universitetlardan qabul xati olganimda ham bunchalik darajada xursand boʻlmaganman. Keyin yuz foizlik grant yutganim uchun yanada kuchliroq xursand boʻldim. Keyin deyarli bir soat ekranga qarab oʻtirdim, shokda edim. “Rostdan orzularim ushaldimi?” Chunki yoshligimdan beri oʻsha Amerikada oʻqishni xohlardim.

Toʻqqizinchi sinfdan boshlab xorijiy universitetlarga oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik koʻrishni boshlaganman. Qimmat konsultatsiyalar, kurslarda oʻqimasdan, mustaqil izlandim. Toʻgʻri, juda qiynalgan, charchagan, baʼzida toʻxtashni xohlagan paytlarim boʻlgan. Chunki Navoiyda Toshkentdagidek imkoniyatlar koʻp emas. Shunga qaramasdan doim harakat qilganman va “men oʻqishga kira olaman” deganman. Shuncha qattiq harakatdan keyin mehnatlarimning samarasini koʻrish juda ham quvonarli his boʻlgan. Soat 6:00 dan oʻtib, ota-onam, akalarimga yuz foizlik grant bilan AQSHdagi eng nufuzli universitetlardan biriga oʻqishga kirganimni aytdim. Ular ham juda xursand boʻlishdi.»

«Faqat IELTS va SATʼga ishonib qolmang»

 

Malika chet elda oʻqish istagida boʻlgan yoshlarga faqat IELTS va SAT natijalariga ishonib qolmaslikni tavsiya qildi. Uning soʻzlariga koʻra, IELTS bu oddiy sertifikat. Yaʼni, sertifikati bor insonning ingliz tilini bilish va tushunishini koʻrsatadigan hujjat. Xorijdagi TOP universitetlar talabalardan qanday loyihalarda ishtirok etgani, oʻz tashabbusi bilan nimalar qilganiga koʻproq qiziqadi, shu tomoniga urgʻu beradi.

 

«Ular bitta narsani yaxshi koʻradi. Masalan, siz imkoniyat sal kamroq joyda yashasangiz, lekin koʻp proyektlarga qatnashib, koʻp ishlar qilgan boʻlsangiz, bularni koʻproq inobatga oladi.

Yaʼni, sizda imkoniyat boʻlmasa ham, baribir yoʻlini topdingiz. Agar sizda oʻsha narsa, deylik, viloyatingizda boʻlmasa, oʻsha loyihani oʻzingiz boshladingiz, oʻzingiz qurdingiz, U narsa juda ham katta rol oʻynaydi, yaʼni “leadership”lik qobiliyatiga ega ekanligingizga ham qaraydi.

Men bolalar “raskraska”larining yangicha turini yaratganman. Bugungi kunda bolalar telefonga bogʻlanib qolyapti. Men tayyorlagan “raskraska” lar bolalarga chet tilini oʻrganishga yordam beradi. Yaʼni, bolalar rasmni boʻyaydi va yonidagi QR kodni skaner qilganda, rasmning videosi paydo boʻladi. Masalan, qulupnayning rasmi boʻlsa, qulupnay “Hi, I am a strawberry”, deb ingliz tilida qisqagina qilib gapiradi va tepasida ham «strawberry, qulupnay, klubnika« deb uch tildagi tarjimasi yozib qoʻyilgan boʻladi.»

 

«Keyingi bekat Haverford»

 

Malikaning AQSHga ketishgacha boʻlgan ishlarda faqat bir-ikki hujjatlarni tayyorlash va F1 vizaga topshirish qolgan. Uning aytishicha, avgustda AQSHga ketib, orzusidagi universitetda oʻqishni davom ettiradi. Suhbat yakunida Malika tengdoshlariga oʻz tavsiyalarini ham aytib oʻtdi.

 

“Haverfordda birinchi oʻzbek qiziman”: AQSHning TOP universitetlaridan biriga 400 ming dollar miqdorida grant yutgan Navoiylik oʻquvchi qiz bilan suhbat

 

«Tengdoshlarimga aytgan boʻlardimki, qiziqish, bilimingizni yanada yaxshilash uchun nima imkoniyatlar boʻlsa, barchasidan foydalaning. Faqat toʻxtab qolmaslik kerak, imkoniyatni qidirish kerak. Albatta, hamma joyda qiyinchilik boʻladi, lekin u toʻxtab turganingizni emas, yanada oʻsayotganingizda va koʻproq tajribaga ega boʻlayotganingizni bildiradi.»

 

Malikaning keyingi ishlariga muvaffaqiyat, o’qishlariga omad tilaymiz. Bundanda yuksak marralarni zabt etib yurish nasib etsin.