Qoraqalpogʻistonlik oʻquvchi qiz Maxmutova Namuna 5 fandan milliy sertifikat olib, muddatidan 3 yil oldin eng yuqori natija bilan talabalikni naqd qildi.
Nukus shahridagi 46-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Maxmutova Namuna 5 ta — kimyo (A), biologiya (A), tarix (B+), matematika (C+), rus tili va adabiyoti (B+) fanlaridan yuqori natijadagi milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritib, muddatidan oldin maksimal 189 ball oldi. Ushbu natija bilan Namuna kirish imtihonlarisiz oʻzi tanlagan oliygohga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Namuna bilan ushbu natijaga erishishgacha boʻlgan jarayon haqida suhbatlashdik.
Har qanday yaxshi natija uchun koʻp mehnat va kuch kerak
Suhbat davomida Namuna ushbu natija ortida ustozlari bilan birgalikda ota-onasining ham katta mehnati va qoʻllovi borligini aytib oʻtdi. Soʻzlariga koʻra, u har doim motivatsiyani ota-onasidan olgan. Baʼzida dars jarayonlaridan charchagan va toʻxtashni xohlagan paytlarida ota-onasining soʻzlari, ishonchi uni doimo oldinga harakat qilishga undagan.
Oila aʼzolarimning, ayniqsa, ota-onamning oʻrni juda katta. Chunki bunaqa natijani koʻrsatish uchun koʻp mehnat va kuch kerak. Men bu kuchni oʻz ota-onamdan oldim. Ular menga ishonishdi va qiyin paytlarda yonimda turishdi. Qiyinchilikdan qochmaslikni, u bilan yuzma-yuz turishni, bir narsaga erishmoqchi boʻlsam, unga yarasha mehnat qilishim kerakligini oʻrgatishdi.
Maktabda olgan bilimlarim menga yordam berdi
Namunaning soʻzlariga koʻra, u uchun eng qiyin fan matematika boʻldi. Lekin u eng qisqa, yaʼni 4 oy ichida matematikadan C+ natijani qoʻlga kiritgan. Bunga uning maktabda oʻrganganlari ham katta yordam bergan. Shuningdek, rus tili fanidan hech qanday qoʻshimcha darslarga bormasdan, faqatgina maktabdagi darslar va oʻqituvchisi bilan birgalikda oʻrganganlari yordamida B+ natijaga erishgan.
Men uchun eng qiyin fan matematika boʻldi. Chunki eng birinchi sertifikat ham shu fandan topshirganman. Matematika imtihoniga faqatgina 4 oy tayyorlandim, lekin oʻzimni tayyor emasdek sezardim. Ammo qisqa vaqtga qaramasdan matematikadan C+ darajasini olishga erishdim.
Eng osoni esa rus tili va adabiyot boʻldi. Chunki bu fandan imtihonni maktabdagi bilimim bilan topshirdim, yaʼni hech qanaqa qoʻshimcha kurslarga bormadim. Bir oy ichida men maktabdagi ustozim bilan va uyda oʻz ustimda ishlab B+ darajadagi sertifikatni qoʻlga kiritdim.
Eng birinchi 7-sinfda kimyo fanidan kursga borishni boshlaganman, 8-sinfga kelib biologiyani ham qoʻshdim. Tayyorlanib yurgan paytlarimda sertifikatga darajam yetishi haqida tushundim. 9-sinfdan boshlab esa barcha fanlardan milliy sertifikat imtihoniga topshirdim va mana hozir menda 189 ball bor.
Maqsadga erishish uchun oʻzimni qiynash va vaqtimni berishim kerakligini tushungandim
Namunaning aytishicha, u juda koʻp vaqtini dars qilish bilan oʻtkazgan. Sinfdoshlari bilan bayramlarga borishni, hatto tanaffuslarda tashqariga chiqishni vaqtincha toʻxtatgan. U har bir daqiqasini bekor oʻtkazishdan qoʻrqqan. Maktabga avtobusda qatnagan va bu vaqtda ham dars qilib, oʻqib yurgan.
Albatta, dars qilishni xohlamagan, bezor boʻlib qolgan holatlarim juda koʻp boʻlgan. Chunki erta turib, kech yotardim va shu uchun uyqum kelardi, hech nima yodlamasdan dam olgim kelardi. Ammo menda maqsad bor edi va unga erishish uchun qiynalishim, oʻz vaqtimni berishim kerakligini bilardim.
Qanday vaziyatda, qayerda boʻlishimga qaramasdan, men bir daqiqamni ham yoʻqotishni xohlamasdim. Shuning uchun har doim yonimda kitob olib yurardim. Oʻzimni majburlab erta turardim, transportda maktabga qatnardim va borish-kelishda kitob oʻqirdim. Maktabda tanaffus paytida ham sinfdan chiqmasdan dars tayyorlab oʻtirardim. Sinfdoshlar biror yerga aylanishga chaqirsa, deyarli har doim bormasdan uyda kitob oʻqirdim.
Toshkent tibbiyot institutida oʻqib, eng yaxshi mutaxassislardan biri boʻlmoqchiman
Namuna Toshkent tibbiyot institutiga oʻqishga kirishni maqsad qilgan. Oʻqishga kirib, oliygohning eng yaxshi talabasi boʻlishni, doim oʻqib izlanishni va kelajakda oʻz sohasini professionali boʻlishni xohlaydi.
U tengqurlariga oʻz oldilariga qoʻygan maqsadi tomon tinmay harakat qilishni va xato qilib, uning ustida qayta va qayta ishlashdan qochmaslikni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, inson nimagadir erishishi uchun, avvalo, oʻz kuchiga oʻzi ishonishi kerak. Qachonki, natijaga va koʻzlagan maqsadiga yetishiga oʻzida ishonch boʻlsa, atrofdagilarning gap-soʻzi ahamiyatsiz boʻladi.
Namunaning kelgusidagi oʻqish va ishlariga omad tilaymiz.





