Vazirlar Mahkamasining Oliy taʼlim tashkilotlari talabalarini respublika va xalqaro fan olimpidalariga keng jalb qilish hamda iqtidorli talabalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisidagi qarori muhokamalar portaliga joylandi.
Unga ko‘ra֥
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2027-yildan boshlab kimyo va biologiya fanlaridan talabalar oʻrtasida xalqaro fan olimpiadalari tashkil etiladi.
Oliy taʼlim tashkilotlariga talabalarning xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni oʻzlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplash huquqi beriladi.
Xalqaro fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar oʻz yoʻnalishiga mos mutaxassislik boʻyicha magistraturaga qoʻshimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoaga nomzodlarni saralash tartibi
Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoaga nomzodlarni saralash (keyingi oʻrinlarda — saralash) birinchi guruh fanlardan uch bosqichda oʻtkaziladi.
Saralashning barcha bosqichlarida ishtirokchilarga kursidan qatʼi nazar, har bir fan yoʻnalishida bir xil nazorat materiallari taqdim etiladi va natijalar ham kurslarga ajratilmagan holda eʼlon qilinadi.
Saralashning birinchi bosqichiga quyidagi toifadagi talabalar jalb qilinadi:
—tegishli oʻquv yilida oʻtkazilgan respublika fan olimpiadalarning ikkinchi bosqichida fanlar boʻyicha, ballar ketma-ketligida 1 — 10-oʻrinlarni egallagan bakalavr bosqichi talabalari;
—xalqaro olimpiadalarda oʻtgan va joriy oʻquv yili davomida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
—oʻtgan oʻquv yilida xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan, hozirda OTTlarda tahsil olayotgan talabalar.
Saralashning birinchi bosqichi Vazirlik tomonidan tashkil qilinadi va ikkinchi bosqichga Respublika miqyosida har bir fan boʻyicha eng yuqori ballarni qoʻlga kiritgan dastlabki 25 nafar ishtirokchilar saralab olinadi.
Saralashning ikkinchi bosqichi doirasida oʻtkazilgan sinovlar natijalari boʻyicha ballar ketma-ketligida eng yuqori natijaga erishgan:
- biologiya fanidan — 12 nafar;
- kimyo fanidan — 12 nafar;
- informatika va axborot texnologiyalari fanidan — 12 nafar;
- fizika fanidan — 12 nafar;
- matematika fanidan — 12 nafar
talabalar uchinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.
Vazirlik tomonidan saralashning ikkinchi bosqich natijalariga koʻra saralab olingan talabalar uchun tajribali oʻqituvchilar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va xorijiy mutaxassislar, shuningdek, xalqaro tanlov va olimpiadalar sovrindorlari boʻlgan murabbiylar ishtirokida mahorat darslari, kuchaytirilgan oʻquv mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Tashkil etiladigan oʻquv mashgʻulotlari davomida oʻtkaziladigan uchinchi bosqich sinov natijalariga koʻra har bir fan yoʻnalishida eng yuqori ballarni qoʻlga kiritgan talabalardan xalqaro olimpiadalarda belgilangan kvotalar asosida Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibi shakllantiriladi.
Xalqaro olimpiadalarga saralashning barcha bosqichlari uchun nazorat materiallari hamda baholash mezonlari Vazirlik tomonidan ishlab chiqiladi hamda maxfiyligi taʼminlangan holda, olimpiada oʻtkaziladigan joylarga yetkaziladi.
Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoa rahbarlari va ularning yordamchilari Vazirlik tomonidan tayinlanadi.
Vazirlik huzurida matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari, kimyo va biologiya fanlaridan maslahat kengashlari tashkil qilinadi.
Maslahat kengashlariga oʻz fani boʻyicha yuqori malakaga ega boʻlgan tajribali trenerlar, professor-oʻqituvchilar kiritiladi.
Maslahat kengashi aʼzolari terma jamoani xalqaro olimpiadalarga tayyorlashda, mahorat darslarini tashkil qilishda ishtirok etadi.
Terma jamoa rahbari oʻz fani boʻyicha yuqori malakaga ega boʻlishi, xalqaro olimpiada topshiriqlarini ingliz tilidan davlat tiliga bexato tarjima qila olishi hamda talabalar ishlarini xalqaro hakamlar hayʼatiga himoya qila olishi lozim.
Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etish uchun Oʻzbekiston terma jamoasi Vazirlik tomonidan saralashlar oʻtkazish orqali shakllantirilishi mumkin.
Xalqaro olimpiadalar ro‘yxati quyidagi rasmda keltirilgan:
Izoh: mazkur roʻyxatga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

