Xalqaro ta’lim dasturlarini akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi belgilandi

Xalqaro ta’lim dasturlarini akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi belgilandi

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan O‘zbekistonda tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish hamda ularning ta’lim dasturlarini akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini monitoring qilish tartibi belgilandi.

 

Unga ko‘ra, xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotini reyestrga kiritish Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligida tashkil etiladigan Akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini yuritish komissiyasining qaroriga binoan bepul amalga oshiriladi.

 

Hujjatga muvofiq akkreditatsiya tashkilotlarini reyestrga kiritish shartlari quyidagilardan iborat:

 

— akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritishi uchun tegishli vakolat (hujjat)ga ega boʻlishi;

 

— akkreditatsiya tashkilotining xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblari Oʻzbekiston Respublikasining davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish talablari, baholash mezonlari va oʻtkazish tartiblariga zid boʻlmasligi;

 

— taʼlim sifatini taʼminlash tarmoqlarining toʻla huquqli aʼzosi boʻlishi (nufuzli xalqaro taʼlim sifatini taʼminlash assotsiatsiyalaridan kamida bittasiga aʼzo boʻlishi);

 

— nufuzli xalqaro reytinglarning TOP-300 talik roʻyxatida boʻlgan kamida 5 ta oliy taʼlim tashkilotining taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazgan boʻlishi;

 

— umumiy ekspertlarining kamida 30 foizi xorijiy ekspert boʻlishi (xalqaro va xorijiy akkreditatsiya tashkilotlari uchun);

 

— akkreditatsiya tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy va maʼnaviy asoslariga mutanosib boʻlishi, milliy qadriyatlar va ijtimoiy-siyosiy hayotiga qarshi boʻlmasligi;

 

— oʻzining rasmiy veb-saytida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazgan taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida maʼlumotlarning mavjudligi.

 

Arizalar Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan ko‘rib chiqiladi va Komissiya qarori asosida reyestrga kiritiladi. Reyestrga kiritilgan akkreditatsiya tashkilotiga 5 yil amal qiladigan guvohnoma beriladi.

 

Reyestrga kiritilgan tashkilotlar faoliyati har uch yilda bir marta monitoring qilinadi. Unda Agentlik tashkilot faoliyatini tahlil qiladi, kelib tushgan shikoyatlarni o‘rganadi hamda baholash mezonlariga rioya qilinayotganini tekshiradi.

 

Qonunchilikka zid holatlar, korrupsiya yoki soxta hujjatlar aniqlangan taqdirda tashkilot reyestrdan chiqarilishi mumkin.