O‘zbekistonlik talaba va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning asosiy qismi sun’iy intellektdan o‘rtacha miqdorda foydalanishini ma’lum qilgan. Shuningdek, ayrim ishtirokchilar vazifalarni tayyorlashda AI’ning o‘rni muhim ekanini ta’kidlagan.
Talimxabarlari.uz sayti tomonidan talabalarning taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalaridan foydalanish darajasini oʻrganish maqsadida anonim soʻrovnoma oʻtkazildi. Unda bir qancha respondentlar oʻz fikrlari bilan ishtirok etdi.
Soʻrovnoma natijalariga koʻra:
— 6,9 foiz ishtirokchi taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt vositalaridan deyarli foydalanmasligini bildirgan;
— 41,4 foiz respondent AIʼdan koʻp foydalanishini maʼlum qilgan;
— 51,7 foiz koʻrsatkich esa taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt vositalaridan oʻrtacha darajada foydalanib turadigan talabalarga toʻgʻri kelgan.
Bu natijalar talabalarning koʻpchiligi sunʼiy intellektdan maqsadli tarzda foydalanib turishini koʻrsatadi.

Soʻrovnoma ishtirokchilari AIʼdan asosan topshiriqlarni bajarishda, kerakli maqola va adabiyotlarni izlashda, murakkab mavzularni sodda va tushunarli tarzda izohlab berishda hamda tezkor savollar tuzishda foydalanayotganini taʼkidlagan.
Sunʼiy intellekt sizning oʻqish samaradorligingizga qanday taʼsir koʻrsatmoqda? degan savolga Chirchiq davlat pedagogika universiteti 3-bosqich talabasi quyidagicha javob yozib qoldirgan:
— Topshiriqlarni bajarishda oʻzimga kerakli maqola va adabiyotlarni izlashda hamda oʻqituvchidan yaxshi tushuna olmaganlarimni sodda tarzda tushunishda sunʼiy intellektdan foydalanaman.
“AI vositalari yordamida tayyorlangan vazifalar va oʻzingiz mustaqil bajargan vazifalar sifat jihatdan qanday farq qiladi?” degan savolga talabalar turlicha fikr bildirishgan.
Baʼzi ishtirokchilar AI tayyorlagan ishlarni mukammalroq, sifatliroq, tartibliroq deb baholagan. Ularning fikricha, sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan vazifalar ancha puxta va tizimli chiqadi.
ʼʼBu aynan qaysi vazifa turiga oidligiga qarab koʻproq farq qiladi. Masalan, agar taqdimot tayyorlash kerak boʻlsa koʻpincha men oʻzim mustaqil ravishda internet va adabiyotlardan izlanib yarataman. Baʼzida esa aniqroq tahlil yoki faktlar kerak boʻladi. Bunday vaziyatda men uchun eng toʻgʻri tanlov AIʼdirʼʼ, — deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 1-bosqich talabasi.
Biroq boshqa talabalar oʻzlari mustaqil bajargan vazifalar yaxshiroq va foydaliroq ekanini taʼkidlagan. Ularning fikricha, mustaqil ishlangan topshiriqlar bilimni mustahkamlaydi va mavzuni chuqurroq tushunishga yordam beradi. Ayrimlar esa farq qilmaydi yoki vazifa turiga bogʻliq deya javob bergan.
Shuningdek, ayrimlar AI har doim ham mukammal emasligini, baʼzan xatolar qilishi yoki notoʻgʻri maʼlumot berishi mumkinligini qayd etgan.
“Sunʼiy intellektdan muntazam foydalanish talabaning mustaqil fikrlash va yozma savodxonlik darajasiga qanday taʼsir koʻrsatadi?” degan savolga koʻpchilik salbiy fikr bildirgan.
Koʻplab talabalar AIʼdan ortiqcha foydalanish:
- mustaqil fikrlash doirasini toraytirishi,
- yozma savodxonlikni pasaytirishi,
- dangasalikni kuchaytirishi mumkinligini bildirgan.
Ayrimlar esa barchasi qay maqsadda foydalanishga bogʻliq ekanini taʼkidlagan. Ularning fikricha, agar AI yordamchi vosita sifatida oqilona qoʻllansa, salbiy oqibatlar yuzaga kelmaydi.
ʼʼAvvalo, sunʼiy intellektdan toʻgʻri foydalanishni bilish kerak. Insonning oʻzida oʻrganish hissi, oʻziga nimadir olish istagi boʻlsa, AI shunchaki bir yordamchi doʻst xolos. Ammo muntazam hamma narsada unga murojaat qilish ham odamni qaram qilib qoʻyadiʼʼ, — deydi yana bir talaba.
‘‘AIʼdan foydalangan imtihonlaringizdan AI siz ham oʻta olarmidingiz?’’ savoliga esa quyidagicha natija koʻrsatilgan:
“Sunʼiy intellektdan foydalanish taʼlim sifatini oshiradimi yoki uni zaiflashtiradimi?” degan savol ham turli qarashlarni yuzaga chiqardi.
Ishtirokchilarning maʼlum bir qismi AI taʼlim sifatini oshirishini, yangi bilim va gʻoyalar berishini, oʻqishni yengillashtirishini taʼkidlagan.
ʼʼTaʼlim sifatini oshirishi ham mumkin. Chunki sunʼiy intellekt yaxshi gʻoyalar ham beradi va yoʻnaltiradi.Lekin unga juda koʻp bogʻlanib qolish kerak emas. Aks holda, inson fikrlashdan toʻxtab qolishi mumkinʼʼ, — deya izoh qoldirgan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi.
Boshqa bir qismi esa aksincha, sunʼiy intellektga haddan tashqari bogʻlanish taʼlim sifatini zaiflashtirishi mumkinligini bildirgan.
Umuman olganda, soʻrovnoma natijalari shuni koʻrsatadiki, sunʼiy intellekt allaqachon talabalar hayotining muhim qismiga aylangan. Biroq undan qay maqsadda foydalanish, boshqalarning ishini koʻchirib oʻziniki deb koʻrsatmaslik va odamlarning oʻz fikri bilan oʻylashi muhim masala boʻlib qoldi.
Siz ham o‘z fikrlaringizni quyidagi so‘rovnoma orqali yozib qoldirishingiz mumkin: So‘rovnoma

