Prezidentning 2026-yil 11-fevralda “Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–59-son qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, “Eng yaxshi startap gʻoyasi” tanlovi va “Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovlarini o‘tkazish joriy qilinadi.
Qarorga muvofiq 2026/2027-oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9–11-sinf oʻquvchilari uchun har oyda kamida ikki marotaba “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari oʻtkaziladi.
Ushbu tadbirlar doirasida:
– oʻquvchilar oʻrtasida “Eng yaxshi startap gʻoyasi” tanlovi tashkil etiladi.
- tuman bosqichi gʻoliblariga — 5 mln soʻmgacha,
- viloyat bosqichi gʻoliblariga — 10 mln soʻmgacha mukofot beriladi;
– startap loyihalari har chorakda ota-onalar, biznes va ilmiy hamjamiyat vakillariga taqdim etiladi;
– marketpleyslar bilan hamkorlik oʻrnatilib, taʼlim tashkilotlarida yaratilgan mahsulotlarni sotish yoʻlga qoʻyiladi.
Muammolarni hal qilish tizimi joriy etiladi
2026-yil 1-apreldan boshlab davlat organlari va tashkilotlari oʻz sohasidagi dolzarb muammolarni kraudsorsing asosida hal qilish tizimini joriy etadi. Bunda:
• kraudsorsing elektron platformasida muammolar boʻyicha eʼlonlar joylashtiriladi va tanlovlar tashkil etiladi;
• har oyda startap tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar (“Startap kuni”) oʻtkaziladi.
“Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovi
2026-yildan boshlab har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori boʻlgan gʻoyalarni aniqlash maqsadida “Eng innovatsion gʻoya” respublika tanlovi boʻlib o‘tadi.
Tanlov davlat oliy taʼlim tashkilotlarida tashkil etiladi:
• gʻoliblarga 100 mln soʻm grant ajratiladi;
• respublika bosqichi 10 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi;
• mukofot jamgʻarmasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 10 mlrd soʻm etib belgilanadi.
“Oliygohlar – startaplar generatori” dasturi ishga tushiriladi
2026-yil 1-sentyabrdan oliy taʼlim tashkilotlarida “Oliygohlar – startaplar generatori” dasturi amalga oshiriladi.
Dastur doirasida:
• oliy taʼlim tashkilotlarida IT-park va venchur jamgʻarmalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari joriy etiladi;
• talabalar uchun xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka hamda almashinuv dasturlari yoʻlga qoʻyiladi;
• oliy taʼlim tashkilotlariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va akseleratorlar orqali har bir loyiha uchun 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda investitsiya kiritish huquqi beriladi;
• talabalar akseleratorlarida “startap menejer” va “startap treker” lavozimlari koʻzda tutiladi.
