Muhokamalar portaliga ‘‘Umumta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi to‘g‘risida’’gi Nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘qishini ko‘chirish faqat joriy o‘quv yilida boshlang‘ich kasbiy ta’lim dasturlari asosida maktablarning 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan kunduzgi ta’lim shakliga ruxsat etilishi belgilangan.
Qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?
O‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan o‘quvchilar Davlat xizmatlari markazi, YIDXP yoki Agentlikning maxsus platformasi orqali o‘zining shaxsiy identifikatsiya ma’lumotlarini kiritadi yoki davlat xizmatlari markazlariga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
– o‘quvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasidagi JShShIR;
– voyaga yetmagani sababli tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi ma’lumotlari.
Ma’lumot uchun, mazkur Nizom qoidalari nodavlat kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy hisoblanadi.
Ayrim holatlarda maktablarning 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga o‘qishini ko‘chirish Kasbiy ta’lim agentligi xulosasi asosida amalga oshiriladi. Jumladan:
-
yashash manzili o‘zgarganda yoki ota-onasi davlat xizmatchisi yoxud harbiy xizmatchi bo‘lib, xizmat joyi o‘zgartirilgan hollarda boshqa hududdagi texnikumga;
-
sport turlariga tayyorlash markazlari, harbiy yoki harbiylashtirilgan maktablardan o‘qishdan chetlashtirilgan o‘quvchilar uchun;
-
xorijiy yoki nodavlat maktablardan davlat maktablariga asosli sabablar ko‘rsatilgan holda, istisno tariqasida.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish masalalari hududiy Kasbiy ta’lim boshqarmalari tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda texnikum direktori fan (modul)lar farqlarini aniqlash, ularni topshirish muddatlari hamda o‘quv kursi (semestri)ni belgilaydi.
Qay hollarda o‘qishni ko‘chirish taqiqlanadi?
Shu bilan birga, quyidagi hollarda 10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish taqiqlanadi:
-
texnikumlarda joriy etilgan xalqaro va qo‘shma ta’lim dasturlariga;
-
dual ta’lim dasturlariga;
-
semestr (kurs) yakuni bo‘yicha fan (modul)lar farqini o‘zlashtirish muddati ikki oydan ortiq bo‘lgan taqdirda;
-
texnikumlarda amalga oshirilayotgan o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturlariga.
Nizom loyihasiga asosan, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish qishki ta’til davrida — 28-dekabrdan 17-yanvargacha (shu kuni ham) Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Agentlikning maxsus platformasi orqali amalga oshiriladi.
Mazkur jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasbiy ta’lim boshqarmalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
