Ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bitiruvchilarini OTMlarga imtiyoz asosida qabul qilish tartibi loyihasi

Ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bitiruvchilarini OTMlarga imtiyoz asosida qabul qilish tartibi loyihasi

Muhokamalar portaliga ‘‘Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilarini bazaviy toʻlov-kontrakt asosida oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etish tartibi toʻgʻrisida’’gi Nizom loyihasi joylashtirildi.

 

Mazkur loyiha Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod va Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarini davlat OTMga talabalikka tavsiya etish tartibini belgilashni nazarda tutadi.

 

Qaysi yo‘nalishlarda imtiyoz beriladi?

 

Loyihaga ko‘ra, imtiyozlar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan, ta’lim muassasalarining ixtisosligidan kelib chiqadigan quyidagi sohalar bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishlariga tatbiq etilishi mumkin:

 

  • kimyo,

  • biologiya,

  • fizika,

  • axborot texnologiyalari,

  • tilshunoslik,

  • adabiyot,

  • pedagogika,

  • tarjimonlik,

  • jurnalistika.

 

Muhim! Bitiruvchilar faqat maktabni tugatgan (shahodatnoma olgan) yili imtiyozdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

 

Hujjat topshirishdan oldin qanday ishlar amalga oshiriladi?

 

Bitiruvchi imtiyozdan belgilangan tartibda foydalanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali belgilangan muddatlarda hujjat topshirib, roʻyxatdan oʻtishi majburiy hisoblanadi.

 

Abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtgan bitiruvchilarning test sinovlarisiz va qoʻshimcha imtihonlarsiz oʻqishga kirish huquqi saqlanadi. Bunda:

 

Umumiy qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etish xohishini bildirgan bitiruvchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom” ning 10-bandi tatbiq etiladi.

 

Umumiy tanlovdagi ishtirok qanday bo‘ladi?

 

Loyihaga ko‘ra:

  • ro‘yxatdan o‘tishda umumiy tanlovdan tashqari, imtiyoz qo‘llaniladigan OTM va ta’lim yo‘nalishini qo‘shimcha belgilash imkoniyati beriladi;

  • agar bitiruvchi umumiy tanlovda yetarli ball to‘plasa, grant yoki kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi;

  • yetarli ball to‘plamagan yoki umumiy tanlovda ishtirok etmagan bitiruvchilar imtiyoz asosida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi.

 

Loyihada nazarda tutilishicha, agar bitiruvchi OTMlarga hujjat topshirish muddatida ariza bermagan bo‘lsa ham, Agentlik tomonidan Baholash agentligi tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida imtiyoz tatbiq etilishi mumkin.