Ijtimoiy tarmoqlarda nomli davlat stipendiyalari gʻoliblari tasdiqlanishi bilan bogʻliq masala yuzasidan rasmiy va aniq maʼlumot eʼlon qilinmagani haqida xabarlar tarqaldi. Vazirlik bergan izohga koʻra, barcha natijalar hafta yakunida eʼlon qilinishi kutilmoqda.
Talimxabarlari.uz sayti masalaga oydinlik kiritish maqsadida vaziyatni oʻrgandi.
Natijalar hafta yakuniga qadar e’lon qilinadi
Belgilangan nizomga ko‘ra, 2025/2026-oʻquv yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarining respublika bosqichi tanlovlari joriy yilning 22–29-yanvar kunlari oʻtkazilishi belgilangan.
Vazirlik departament boshligʻi Abdusamat Mamanazarovning xabar berishicha, bakalavr va magistratura bosqichlari boʻyicha jami 1706 nafar talabgordan ariza kelib tushgan.
Dastlab respublika bosqichida nomli davlat stipendiyalariga roʻyxatdan oʻtgan talabalarning erishgan yutuqlari, oʻzlashtirish koʻrsatkichlari, ilmiy tadqiqot ishlari ekspertlar tomonidan baholangan. Jarayonlar barchasi onlayn shaklda amalga oshirilgan.
Natijalar talabgorlar roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabinet orqali eʼlon qilingan hamda appelyatsiya shikoyatlari ham ushbu platforma orqali elektron shaklda qabul qilingan.
“Bugun, 29-yanvar kuni bakalavriat talabalarining nomli davlat stipendiyalari boʻyicha tanlov natijalari ekspert guruhlar tomonidan koʻrib chiqilib tasdiqlanadi va hafta yakunigacha barcha davlat stipendiyalari gʻoliblari eʼlon qilinib, oliy taʼlim muassasalariga yetkaziladi” — dedi u.
Natijalarni e’lon qilish nima uchun kechikdi?
Belgilangan reja-grafikka asosan, tanlov yoʻnalishlari boʻyicha tanlov komissiyasi tomonidan gʻoliblarni aniqlash va komissiya yigʻilishida tasdiqlash jarayonlari 2026-yilning 28-yanvar kuni soat 12:00 amalga oshirilishi kerak edi. Ammo natijalar reja-grafikda belgilangan vaqtdan kechroq e’lon qilinmoqda.
Ushbu masala bo‘yicha savollarga Abdusamat Mamanazarov quyidagicha izoh berdi:
“Reja boʻyicha haqiqatan 28-yanvarda deb belgilangan, lekin bu komissiyaning xulosasi tasdiqlash jarayoni. Yaʼni ishchi guruh komissiyasi nomzodlarni tavsiya etadi, lekin amaldagi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, talabgorlarni stipendiyaga tavsiya etish, sovrindorlar roʻyxatini tasdiqlash vazirlikning buyrugʻi asosida amalga oshiriladi. Hafta yakunida ushbu buyruq tasdiqlanadi”.
Uning aytishicha, bu jarayonning maʼlum vaqt olishiga sabab komissiya aʼzolari tasdiqlagandan soʻng, qaysi yoʻnalishga qancha talabgor topshirgani, qancha nomzodlar tavsiya etilgani, qaysi yoʻnalishlarda eng yuqori natijalar qayd etilgan va qaysi yoʻnalishlarda vakant oʻrinlar ochiq qolganligi boʻyicha axborot beradi. Keyin buyruq tasdiqlanib, oliy taʼlim tashkilotlariga yuboriladi.

