2026-2027-o‘quv yilidan boshlab SAT bo‘yicha yuqori natija (eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori) olgan abituriyentlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bu haqda Hukumat qarori qabul qilindi. Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi yangi nizomga ko‘ra, quyidagi 3 ta xalqaro sertifikat olgan abituriyentlarga imtiyozlar belgilandi:
– “A level” sertifikati (“B” va undan yuqori daraja) — bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi;
– “International Baccalaureate” sertifikati (32 va undan yuqori ball) — bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi;
– “Scholastic Aptitude Test – SAT” xalqaro imtihonida (eng yuqori ballning 75 foizi – 1200 ball va undan yuqori) — qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Ushbu imtiyozdan foydalanish uchun sertifikat berilgan bakalavriat yo‘nalishidagi kirish fanlari bilan mos bo‘lishi zarur.
Eslatma! Imtiyozdan foydalanmoqchi bo‘lgan talabgorlar SAT sertifikatlarini albatta elektron tarzda, ya’ni 35787 DI kodi orqali Bilimni baholash agentligiga yuborishlari shart.
Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori asosida belgilangan.
Muhim! Faqat DI kod orqali yuborilgan sertifikatlar qabul jarayonida haqiqiy hisoblanadi. Qo‘lda yuklash yoki skrinshotlar qabul qilinmaydi.
