2026-yil 1-fevraldan kambagʻal oilalar farzandlarining kontrakti 50 foizigacha toʻlab beriladi

2026-yil 1-fevraldan kambagʻal oilalar farzandlarining kontrakti 50 foizigacha toʻlab beriladi

Qonunchilikka koʻra, Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlari oʻquvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi toʻlab beriladi. Bunda toʻlovlar tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib toʻlanadi hamda yordamning umumiy miqdori 1 oʻquv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-noyabrdagi 222-son Farmoniga ko’ra, 2026-yil 1-fevraldan boshlab “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari orqali koʻrsatiladigan ayrim ijtimoiy yordam turlari Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga yoshlar ijtimoiy shartnomasi asosida taqdim etiladi.

 

Jumladan:

 

–  kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlari oʻquvchi-talabalarining toʻlov-kontrakt summasining 50 foizgacha qismi oʻquvchi-talaba bilan tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib toʻlanadi. Ushbu yordamning umumiy miqdori bir oʻquv yili uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi lozim;

 

–  avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash oʻquv kursi xarajatlarini qoplash boʻyicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining “A”, “B”, “D” va “DE” toifalarini olish uchun toʻlab beriladi;

 

–  yoshlarning tadbirkorlik, anʼanaviy va zamonaviy kasblarni egallash, axborot texnologiyalarini oʻrganish, xorijiy tillarga oʻqitish, ilm-fan, sport, sanʼat va madaniyat yoʻnalishlaridagi oʻquv kurslari uchun toʻlanadigan har oylik subsidiyalar miqdori oʻtgan oyda subsidiya oluvchi tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib belgilanadi;

 

– ayni bir shaxs bir kalendar yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan koʻpi bilan ikki marta foydalanishi mumkin.