Xabar berganimizdek, hukumatning 2025-yil 8-oktyabrdagi 632-son qarori bilan “Yoshlarning oʻquv markazlarida xorijiy tillarni oʻqish xarajatlari bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlangan.
Unga koʻra, “2+6” dasturi belgilangan xorijiy tillarni bilish boʻyicha ballning (darajaning) kamida minimal koʻrsatkichli sertifikatiga ega boʻlgan ariza beruvchi oʻquv markazi tomonidan unga xorijiy tilni oʻqitish xizmatini koʻrsatgani uchun dastlabki 2 oy uchun oʻqish xarajatini oʻz hisobidan toʻlaganda, keyingi 6 oygacha oʻqish xarajati uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida subsidiya ajratilishini nazarda tutadi.
“2+6” dasturiga roʻyxatdan oʻtish boshlandi.
Endilikda chet tillarini oʻrganish istagida boʻlgan yoshlar “2+6” dasturi orqali roʻyxatdan oʻtib, belgilangan tartibda subsidiya asosida oʻrganishi mumkin.
Dastlabki bosqichda 2plus6.uz sayti orqali oʻquv markazlari roʻyxatdan oʻtadi.
Oʻquv markazlari roʻyxati tegishli tartibda tasdiqlangach, yoshlar “Yonda” ilovasi orqali ariza topshirishlari mumkin boʻladi.
Savol va murojaatlarni @yonda_support_bot orqali qoldirish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, “2+6” dasturiga muvofiq, yoshlarga har oy yakuni boʻyicha quyidagi miqdorda subsidiya ajratiladi:
– Toshkent shahrida – BHMning 2 baravarigacha;
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida – BHMning 1,5 baravarigacha;
– tuman (shahar)larda – BHMning 1 baravarigacha.
