Kontrakt summasidan 12 foiz daromad soligʻini qanday qaytarib olish mumkin?

Kontrakt summasidan 12 foiz daromad soligʻini qanday qaytarib olish mumkin?

Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga koʻra, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqish maqsadida oʻzining, farzandlarining, shuningdek yigirma olti yoshga toʻlmagan turmush oʻrtogʻi uchun toʻlangan daromadlariga soliq solinmaydi.

 

Mazkur imtiyoz banklardan olgan taʼlim kreditlaringizni (foizlari bilan) qoplashga yoʻnaltirilgan daromadlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.

 

Bu imtiyozdan onlayn – my3.soliq.uz sayti yoki Soliq mobil ilovasi, qolaversa oʻz hududingizdagi soliq organlari orqali foydalanishingiz mumkin.

 

Ushbu tartib super-kontrakt uchun toʻlov qilinganda ham amal qiladi.

 

Shuningdek, xususiy universitetda tahsil olayotgan talabalar ham taʼlim olishi uchun toʻlagan summadan 12 foizlik daromad soligʻini qaytarib olishlari mumkin.

 

Buning uchun talaba tahsil olayotgan xususiy universitet oliy taʼlim vazirligining edu.uz saytidagi Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatida bor bo‘lishi lozim. Mazkur roʻyxatga belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan xususiy oliy taʼlim muassasalari hamda chet el oliy taʼlim muassasalarining filiallari kiritiladi.

 

Muhim: Agar siz oldingi yillarda ishlagan boʻlsangiz, shartnoma summasini oʻzingiz mustaqil ravishda toʻlagan boʻlsangiz, doimiy yashash joyidagi soliq organiga jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiya va quyidagi hujjatlarni topshirish orqali toʻlangan daromad soligʻini qaytarishingiz mumkin:

 

— talaba bilan oliy taʼlim tashkiloti oʻrtasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;

 

— tijorat banki bilan taʼlim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi, bor boʻlsa;

 

— kontrakt mablagʻlarini mustaqil toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;

 

— pasport nusxasi.

 

Agar taʼlim uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori yillik daromadingizdan ortiq boʻlsa, boshqa oila aʼzosi (ota/ona, er/xotin) soliq toʻlangan summaning qolgan qismidan olingan daromad soligʻini xuddi shu tarzda qaytarishi mumkin. Bunda, u avval imtiyoz qoʻllanilgan summa miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma taqdim etilishi kerak.

 

Quyidagi videoda qaytarib olish tartibi ko‘rsatilgan: Soliq imtiyozini qaytarib olish