So‘nggi yillarda raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi natijasida maktabgacha yoshdagi bolalar hayotida ekranlardan foydalanish keskin oshdi. Smartfon, planshet va televizor orqali ko‘rsatiladigan turli kontent bolalar kundalik faoliyatining muhim qismiga aylangan.
Xitoylik tadqiqotchilar tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi ilmiy tadqiqot ota-onalar bilan birgalikda kitob o‘qish maktabgacha yoshdagi bolalarda til va ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalarning yaxshiroq rivojlanishiga xizmat qilishini ko‘rsatdi. Tadqiqot natijalari “Computers in Human Behavior” ilmiy jurnalida e’lon qilingan.
Tadqiqot Xitoyning Lanchjou shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan 202 nafar bola va ularning ota-onalari ishtirokida olib borildi. Kuzatuv jarayonida bolalarning kundalik faoliyati, xususan, ekran qarshisida o‘tkazgan vaqti, ota-onalari bilan birga kitob o‘qishi hamda ular bilan birgalikda o‘yin o‘ynashi muntazam ravishda qayd etib borildi.
Tadqiqot davomida bolalarga ekran orqali ma’rifiy va ko‘ngilochar kontent namoyish etildi. Ushbu kontentni bolalarning mustaqil ravishda yoki ota-onalari bilan birgalikda tomosha qilishi alohida tahlil qilindi. Bolalarning rivojlanish darajasi til ko‘nikmalari, his-tuyg‘ularni anglash hamda ijtimoiy me’yorlarni tushunish bo‘yicha standartlashtirilgan testlar yordamida baholandi.
Tahlil natijalari ota-onalari bilan muntazam va ko‘proq vaqt davomida kitob o‘qigan bolalarda til rivoji sezilarli darajada yuqori ekanini ko‘rsatdi. Bunday bolalar so‘z boyligi, fikrni ifodalash va muloqotga kirishish borasida yaxshiroq natijalarni namoyon etgan. Shuningdek, ular ijtimoiy vaziyatlarni tezroq anglash, his-tuyg‘ularni tushunish va boshqalar bilan samarali munosabat o‘rnatish qobiliyatiga ega ekani aniqlangan.
Aksincha, ekran qarshisida ko‘p vaqt o‘tkazgan bolalarda til rivojlanishi va ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalar pastroq bo‘lgani kuzatildi. Tadqiqotchilarning fikricha, hatto ma’rifiy ekran kontenti ham ota-ona bilan yuzma-yuz muloqot va birgalikda o‘qish jarayonida yuzaga keladigan hissiy bog‘lanishning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Ekran orqali bilim olishda jonli muloqot, mimika, ovoz ohangi va ijtimoiy o‘zaro ta’sir yetishmaydi.
Olimlar ta’kidlashicha, ota-ona bilan kitob o‘qish jarayoni bolaga nafaqat yangi so‘zlar va tushunchalarni o‘rgatadi, balki unda hissiy xavfsizlik, ishonch va ijtimoiy yaqinlik tuyg‘ularini ham shakllantiradi. Bu esa bolalarning umumiy rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Tadqiqot natijalari maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasida ekran vaqtini cheklash va ota-ona ishtirokidagi o‘qish hamda birgalikdagi faoliyatlarga ustuvor ahamiyat berish zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ota-ona bilan birga kitob o‘qish bolalarning til salohiyati, ijtimoiy moslashuvi va hissiy barqarorligini rivojlantirishda eng samarali usullardan biri hisoblanadi.
