Maktabda maxsus pedagog lavozimi uchun qoʻyiladigan malaka tavsiflari

Maktabda maxsus pedagog lavozimi uchun qoʻyiladigan malaka tavsiflari

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 13-yanvardagi 9-son buyrug‘i bilan Umumiy oʻrta taʼlim maktabi (maktab-internat) xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari tasdiqlandi.

 

Umumiy oʻrta taʼlim maktabi maxsus pedagog lavozimi uchun qoʻyiladigan malaka tavsiflari:

 

Maʼlumot: Oliy, bakalavr diplomiga ega boʻlishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi).

 

Mutaxassislik: Kamida bakalavr darajasidagi oliy maʼlumotli defektologiya, logopediya, surdopedagogika, tiflopedagogika yoki oligofrenopedagogika yoʻnalishlari boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan yoki defektologiya (sohalar boʻyicha) yoʻnalishida tegishli qayta tayyorlashdan oʻtgan.

 

Mehnat staji: Mehnat staji talab etilmaydi.

 

Kompyuter savodxonligi: Microsoft Office dasturi (Word, Excel, Power Point va h.k), sunʼiy intellekt, zamonaviy axborot texnologiyalarida va internet tarmogʻida mustaqil foydalanuvchi sifatida turli ish dasturlari bilan ishlash boʻyicha yetarli koʻnikmaga ega boʻlishi.

 

Qoʻshimcha talablar:

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasiga oid qonunchilik hamda idoraviy va ichki lokal hujjatlardan, shuningdek, taʼlim standartlaridan xabardor boʻlishi;

 

– Davlat tilini bilish (rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilish afzallik hisoblanadi);

 

– amaldagi umumiy oʻrta taʼlim sohasidagi, bolalar huquqlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni;

 

– maxsus va yosh davrlar pedagogikasi hamda psixologiyasini;

 

– defektologiyaning anatomik-fiziologik va klinik asoslarini;

 

– oʻquvchilarning rivojlanishidagi muammolarini oldini olish va korreksion metodlari hamda usullarini, ular bilan ishlashda qoʻllaniladigan dasturiy-metodik adabiyotlarni;

 

– nutqida ogʻir nuqsoni boʻlgan, kar-soqov, aqliy rivojlanishida muammolari boʻlgan oʻquvchilar bilan ishlash koʻnikmasiga;

 

– alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun pedagogik- psixologik individual qoʻllab-quvvatlash rejasini bajarilishi, fan dasturlarini oʻzlashtirishi, rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni aniqlash, ularga turli koʻrinishdagi psixologik yordam berish kabi koʻnikmalarga ega boʻlishi;

 

– nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlariga oid milliy va xalqaro hujjatlardan xabardor boʻlish;

 

– davriy ravishda malaka oshirish kurslaridan oʻtgan boʻlish (oliy taʼlimni tamomlaganiga bir yildan oshmagan bitiruvchilar bundan mustasno);

 

– bolalarga nisbatan mehribon, sabr-toqatli va masʼuliyatli boʻlish, yuqori darajadagi empatiyaga ega boʻlishi;

 

– yuqori darajadagi pedagogik odob va muloqot madaniyatiga ega boʻlish;

 

– stressga chidamli, muammoli vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qila olishi;

 

– jamoada ishlash va ota-onalar bilan samarali hamkorlik qila olishi lozim.

 

Shuningdek, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunining 28-moddasiga muvofiq qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslar taʼlim tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas.