Ertaga mustaqil izlanuvchilik bo‘yicha arizalar qabuli boshlanadi

Ertaga mustaqil izlanuvchilik bo‘yicha arizalar qabuli boshlanadi

2026-yil 15-yanvardan mustaqil izlanuvchilikka arizalar qabuli boshlanadi. Jarayon Yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

 

Mustaqil izlanuvchilik — bu falsafa doktori (Doctor of Philosophy, PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science, DSc) ilmiy darajalariga da’vogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan oliy ta’limdan keyingi ta’lim shaklidir.

 

Eslatma: Mustaqil izlanuvchilikka ariza topshirishda xorijiy til sertifikati talab etilmaydi.

 

Mustaqil izlanuvchilikka talabgor quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasiga Yagona elektron tizim orqali murojaat qiladi:

 

— qisqacha biografik maʼlumotnoma;

 

— falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun magistrlik yoki klinik ordinatura (tibbiyot fanlari uchun) yoki oliy maʼlumot (mutaxassislik dasturi boʻyicha) toʻgʻrisidagi diplom nusxasi;

 

— mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;

 

— ilmiy ishlar roʻyxati va ularning nusxasi;

 

— fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) diplomi yoki xorijda olingan unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar diplomi nusxasi;

 

— ish joyidan tavsifnoma.

 

Maʼlumot uchun, talabgorlar hujjatlari ilmiy yoki taʼlim tashkilot tomonidan koʻrib chiqilib qabul qilinadi yoki rad etiladi. Shuningdek, yuqorida belgilangan muddatlarda talabgorlarning hujjatlari qabul qilinishi lozim.

 

Muhim: Tibbiyot fanlari boʻyicha mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirishda ilmiy tashkilot yoki taʼlim muassasasining Kollegial organi qarori bilan talabgordan klinik ordinaturani (magistraturani) tugatgandan soʻng yoki ilmiy darajani olganidan soʻng ilmiy, ilmiy-pedagogik yoki amaliy ish stajiga (ikki yildan toʻrt yilgacha boʻlgan muddatda) ega boʻlishi talab etilishi mumkin.