Qorakoʻldagi oʻquv markazda tahsil olayotgan 20 nafar abituriyentning sog‘ligi yomonlashgani aytilmoqda

Qorakoʻldagi oʻquv markazda tahsil olayotgan 20 nafar abituriyentning sog‘ligi yomonlashgani aytilmoqda

Buxoro viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasining xabar qilishicha, bugun 11-yanvar kuni Qorakoʻl tumanidagi oʻquv markazida tahsil olayotgan abituriyentlardan 20 nafari salomatligi yomonlashgani yuzasidan Tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushgan.

 

Bemorlar zudlik bilan tuman tibbiyot birlashmasiga olib ketilgan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, Viloyat hokimining tezkor topshirigʻi bilan Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Elyor Oltiyev ishtirokida ishchi guruh tuzilib, hodisa joyiga yetib borilgan. Barcha bemorlar Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli standartlari asosida laborator va instrumental tekshiruvlardan oʻtkazilgan.

 

“Koʻrilgan tibbiy chora-tadbirlar natijasida barcha 20 nafar bemorning ahvoli yaxshilandi va ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berildi. Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirildi. Ayni paytda barchasining ahvoli qoniqarli, shikoyatlari mavjud emas.

 

Bemorlardan tegishli qon namunalari olinib, belgilangan tartibda ekspertizaga yuborildi. Ekspertiza natijalari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.