2025-yilda 103 ming nogironligi bo‘lgan bola ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, yil davomida 60 mingta ariza ko‘rib chiqilib, 37,1 ming nafar bolaga xulosa berilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Umumta’lim maktablaridagi inklyuziv sinflarga berilgan xulosalar soni 1,7 mingdan 6,4 mingtagacha oshgan.
Shuningdek, birinchi marotaba, 1,8 ming nafar bolalarga bog‘chalardagi inklyuziv guruhlarga, Davlat sherikchilik asosida “kunduzgi parvarish” xizmatiga 5,4 ming nafar bolaga xulosa berilgan. Bu orqali, Muruvvat internat-uyilariga xulosa berish 40 foizga kamayib, 254 tani tashkil etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Kunduzgi parvarish” xizmati yo‘lga qo‘yilib, 313 ta tadbirkor tomonidan 4,1 ming nogironligi bo‘lgan bola xizmat bilan qamrab olingan. Buning uchun 16,5 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Shu jumladan, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalar uchun imkoniyatlar kengaytirilib, 2 400 ta “inklyuziv sinf” va 750 ta “korreksion xonalar” tashkil etilgan. Natijada, nogironligi bo‘lgan 103 ming maktab yoshidagi bola ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olinmoqda va qamrov darajasi 79 foizdan 82 foizgacha oshgan.
