Vazirlar Mahkamasining 275-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 8-bandiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasining pedagogika yo‘nalishlarida kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘limlarning 3-kursida o‘qiyotgan shaxslar pedagogik ishni amalga oshirish uchun qo‘yilishi mumkin va ularga o‘rta maxsus, kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan tegishli lavozimdagi xodimning bazaviy tarif stavkasi singari bazaviy tarif stavkasi belgilanadi.
Mazkur qarorning 8-bandi aniq aytadi: faqat pedagogika yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 3-kurs va undan yuqori bosqich talabalariga pedagogik ish faoliyatini amalga oshirish huquqi beriladi.
Hujjatdagi rasmiy tasnifga ko‘ra esa “Filologiya va tillarni o‘qitish” — bu gumanitar fanlar yo‘nalishiga kiradi, pedagogika yo‘nalishiga kirmaydi.
Demak, agar talaba “Filologiya va tillarni o‘qitish” yo‘nalishida o‘qisa, u qarorda nazarda tutilgan “pedagogika yo‘nalishi” talabasi hisoblanmaydi. Shu bois unga avtomatik ravishda 275-son qarordagi imtiyoz (3-kursdan pedagogik ishga kirishish huquqi) tatbiq etilmaydi.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, yuridik jihatdan — filologiya yo‘nalishi pedagogika yo‘nalishi hisoblanmaydi, demak 275-son qaror normasi ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taalluqli emas.
Avvalroq, talabalarga 1 stavka asosida ishlashga ruxsat berilishi haqida xabar bergan edik.
