Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida maktablar internet faoliyatini deyarli toʻliq onlayn monitoring qilayotgan birinchi mamlakatga aylandi.
Raqamli texnologiyalar vazirligining xabar berishicha, vazirlik, UNICEF hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida O‘zbekistonda xalqaro GIGA tashabbusi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
GIGA tashabbusi 2019-yilda BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va Xalqaro elektr aloqasi uyushmasi (ITU) tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — dunyoning har bir maktabini internetga ulash va barcha o‘quvchilar uchun teng raqamli ta’lim imkoniyatlarini yaratishdan iborat. Bugungi kunda loyiha 30 dan ortiq mamlakatda amalga oshirilmoqda va global miqyosda raqamli ta’lim infratuzilmasini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston GIGA tashabbusining yetakchi ishtirokchilaridan biri sifatida tan olingan bo‘lib, Markaziy Osiyoda uning eng samarali amalga oshirilish modeli sifatida e’tirof etilmoqda. Tizimli yondashuv va davlat idoralari hamda xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida mamlakat qisqa vaqt ichida salmoqli natijalarga erishdi.
Jumladan, 2021-yilda respublika bo‘ylab 10 098 ta umumta’lim maktabi internet tarmog‘iga ulangan, bu esa mamlakatdagi deyarli barcha maktablarni qamrab olish imkonini berdi. Natijada O‘zbekiston dunyo miqyosida eng tez fursatda barcha maktablarini internetga hamda GIGA platformasiga ulagan davlatlardan biri, MDH davlatlari orasida esa barcha maktablari to‘liq onlayn ko‘rsatiladigan darajaga chiqqan ilk mamlakatlardan biri sifatida qayd etildi.
Loyiha doirasida hozirgi kunda 10 417 ta maktab bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilinib, maktablarning geografik joylashuvi, umumiy ma’lumotlari hamda internet tezligi, barqarorligi va mavjudligi bo‘yicha real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi yagona onlayn monitoring tizimi joriy etilgan.
GIGA platformasidagi interaktiv xarita orqali har bir maktab haqida aniq geografik koordinatalar, joylashgan hududi, nomi, o‘quvchilar va o‘qituvchilar soni kabi muhim ma’lumotlar ochiq va shaffof tarzda aks ettiriladi. Bu ma’lumotlar ta’lim muassasalarini internet bilan ta’minlash holatini baholash, tahlil qilish va raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida GIGA rahbariyati bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Kelgusida esa loyiha qamrovini kasalxonalar, poliklinikalar, madaniy va jamoat muassasalari kabi ijtimoiy obyektlarga kengaytirish rejalashtirilgan.
