DMTT direktori boʻlish uchun qanday talablar belgilangan?

DMTT direktori boʻlish uchun qanday talablar belgilangan?

Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2025-yil 16-maydagi 159-sonli buyrugʻiga 43-ilovada tasdiqlangan Maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarida direktorning malaka talablari quyidagicha belgilangan:

 

– Maʼlumot: Oliy, bakalavr diplomiga ega boʻlishi (magistratura, ilmiy darajaga egalik afzallik beradi);

 

– Mutaxassislik: Pedagogika yoʻnalishi (nomutaxassis va nopedagog oliy maʼlumotli kadrlar pedagogika yoʻnalishi kasbiy qayta tayyorlash kursini tamomlagan boʻlishi lozim);

 

– Mehnat staji: Kamida 3 yillik pedagogik ish staji;

 

– Kompyuter savodxonligi:  Microsoft Office dasturi (Word, Excel, Power Point va h.k), zamonaviy axborot texnologiyalari, axborot tizimlari hamda internet tarmogʻida ishlash boʻyicha yetarli koʻnikmaga ega boʻlishi.

 

Qoʻshimcha talablar:

 

– Oʻzbekiston Respublikasining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunlardan toʻliq xabardor boʻlishi;

 

– Davlat tilini bilish (rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilish afzallik hisoblanadi);\

 

– Menejerlik sertifikatiga ega boʻlishi.

 

– Ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan, hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlinmalarida ikki yildan ortiq faoliyat koʻrsatgan, Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yosh mutaxassislardan pedagogik ish staji talab etilmaydi;

 

– Soha boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarni bilishi, normativ huquqiy hujjat hamda standartlardan xabardor boʻlishi, ularni amaliyotga tatbiq etishi, doimiy ravishda malakasini oshirganligi.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonunining 44-moddasiga muvofiq Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga quyidagi cheklovlar belgilab berilgan:

 

-muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan;

 

– pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari yoki jismoniy nuqsonlari boʻlgan shaxslar;

 

– shuningdek, qasddan jinoyatlar sodir etganligi uchun ilgari hukm qilingan shaxslar maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.