Amaldagi tartibga muvofiq, ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘yicha I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar magistraturaga qabul qilinishda xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat taqdim etishlari shart emas.
Ko‘zi ojiz abituriyentlar toifasiga kimlar kiradi?
Ko‘zi bo‘yicha I guruh nogironligi to‘g‘risida belgilangan shakldagi ma’lumotnomaga ega bo‘lgan shaxslar;
Ko‘zi bo‘yicha II guruh nogironligi bo‘lgan va:
— ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan maxsus maktab-internatni (11-sinf negizida) tamomlab, yetuklik attestatini olganlar;
— imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashgan boshlang‘ich kasbiy ta’lim tashkilotlari (kasb-hunar kollejlari) tomonidan berilgan diplomga ega bo‘lganlar;
— 9 yillik ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatida tahsil olib, o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki boshlang‘ich kasbiy ta’lim diplomi olganlar.
Agar ko‘zi ojiz abituriyentlarning bakalavriat diplomi bo‘yicha o‘rtacha ballari:
— 100 ballik tizimda — 71 balldan yuqori, yoki
— 5 ballik tizimda — “4” va undan yuqori bo‘lsa, ular qo‘shimcha davlat granti asosida magistraturaga o‘qishga qabul qilinadi.
