Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha joriy yilning dekabr oyida shartnomalar tuzilganligi bilan bog‘liq xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan viloyat MMTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi. Unga ko‘ra, holat boshqarma mas’ullari tomonidan tegishli tartibda o‘rganilgan.
Ma’lum qilinishicha, Olmaliq shaharidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2025-yilning 18-avgustiga qadar ovqatlantirish an’anaviy usulda tashkil etilgan. Tashkilotlar tarbiyalanuvchilarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha shartnomalar O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-684-sonli qonuni asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri rasmiylashtirilib kelingan.
2025-yil 18-avgustidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-yanvardagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibi takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori asosida Olmaliq shahridagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirish autsorsing usuliga o‘tkazilgan va bugungi kunda ovqatlantirish hali ham autsorsing usulida olib borilmoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan fotolardagi ko‘rsatilayotgan dekabr oyi shartnomalari kelgusi yil uchun emas, balki 2025-yilning avgust oyi o‘rtasiga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ovqatlantirish an’anaviy usulda amalga oshirilganligi, ayrim sabablarga ko‘ra yarim oy mobaynida to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’minotchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilganligi sababli ushbu ta’minot korxonalari xizmatlari evaziga vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun yil yakuni-dekabr oyida shartnomalar rasmiylashtirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
