Vienna BioCenter yozgi maktabi — Avstriyaning poytaxti Vena shahrida joylashgan Vienna Biocenter tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, bakalavr va magistratura bosqichida Life Sciences, yaʼni hayot haqidagi fanlar yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar uchun barcha xarajatlar toʻliq moliyalashtiriluvchi 9 haftalik dasturni taklif etadi.
Vena Biocenter yozgi maktabi taxminan 20 nafar bakalavr va magistratura talabalariga yetakchi tadqiqotchilar bilan ilmiy izlanish olib borish uchun katta imkoniyat taqdim etadi.
Dastur davomida har bir talaba oʻziga biriktirilgan professor-oʻqituvchilar bilan birgalikda molekulyar biologiya, nevrologiya, immunologiya, bioinformatika, DNK biologiyasi, ildiz hujayralari va biokimyo kabi yoʻnalishlarda turli ilmiy ish va tadqiqotlar olib boradi.
Bundan tashqari, 2 kunlik Vena tashqarisiga ilmiy sayohat uyushtiriladi. Sayohat davomida ilmiy mashgʻulot va ijtimoiy tadbirlar tashkillanadi. Dastur soʻnggida ilmiy simpozium boʻlib oʻtadi va bunda har bir izlanuvchilar oʻz tadqiqotlari haqida qisqa taqdimot tayyorlashadi.
Hakamlar hayʼati tomonidan saralangan eng yaxshi taqdimotchilar pul mukofoti bilan taqdirlanadilar. Avvalgi yillarda ushbu mukofotni qoʻlga kiritganlar haqida ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Qolaversa, dasturga qabul qilingan talabalar bepul turar joy, stipendiya, jamoat transportidan foydalanish va boshqa imkoniyatlarga ega boʻladi. Safar xarajatlari ham dastur tomonidan moliyalashtiriladi.
Dastur har yili iyun oyining soʻnggi jumasida boshlanib, avgust oyining soʻnggi jumasigacha davom etadi. Shunday qilib, 2026-yilning 1-iyuldan 31-avgustgacha davom etishi kutilmoqda.
Dastur haqida ushbu havola orqali batafsil ma’lumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
Dasturga qabul qilinish uchun nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- Nomzod 2026-yil 30-iyun holatiga koʻra, Hayotiy fanlarga (Life Science) oid yoʻnalishlarda bakalavr bosqichining kamida 2-kursini tugatgan yoki magistraturada oʻqiyotgan boʻlishi kerak;
- 3 oylik tadqiqot tajribasiga ega boʻlishi kerak;
- Yuqori akademik koʻrsatkichga ega boʻlishi kerak;
- Ingliz tilini yaxshi bilishi lozim;
- Hozirgi paytda universitetda oʻqiyotganligini, agar iloji boʻlsa, kelasi yil ham oʻqishini tasdiqlovchi hujjat taqdim eta olishi kerak.
Talablar haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
Dasturga qabul qilingan talabalar quyidagi imtiyozlarga ega bo’ladi:
- Dasturda qatnashish beрul;
- Talabalar 1,400 yevrolik stipendiya bilan ta’minlanadi;
- Bepul turar joy va tibbiy sug’urtaga ega bo’ladi;
- Dastur davomida Vena shahri ichida jamoat transportidan bepul foydalanish uchun yo’l chiptasi beriladi;
- Avstriyaga borish va o’z yurtiga qaytish xarajatlari qoplanadi;
- Ko’plab ijtimoiy tadbirlarda bepul ishtirok etishlari mumkin.
Dasturning manfaatli tomonlari haqida batafsil ushbu havola orqali ma’lumot olish mumkin.
