Mehnat kodeksining 209-moddasiga koʻra, dam olish kunlarida va bayram kunlarida ishlashga jalb etish taqiqlanadi.
Yangi yil bayrami munosabati bilan 5 kunlik dam olishda ayrim tashkilotlarda navbatchiliklar tashkil etiladi. Chunki, oldindan kutilmagan ishlarni shoshilinch bajarilish bilan bogʻliq hodisalar sodir boʻlishi mumkin yoki uzluksiz ishlaydigan tashkilotlar bor (MK 209 va 210-moddalariga muvofiq).
Mehnat kodeksining 210-moddasiga asosan, dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari xodimning roziligisiz ishga jalb etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan quyidagi hollar mustasno:
1) tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlarning, ishlab chiqarishdagi avariyalarning, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning, shuningdek yongʻinlarning, toshqinlarning, zilzilalarning, epidemiyalarning yoki epizootiyalarning oldini olish yoki oqibatlarini bartaraf etish hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda bajariladigan ishlar amalga oshirilishi uchun;
2) baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun;
3) markazlashtirilgan issiq suv taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va (yoki) suv chiqarish tizimlarining, gaz taʼminoti, issiqlik taʼminoti, yoritish, transport, aloqa tizimlarining normal ishlashini buzadigan kutilmagan holatlarni bartaraf etishga doir ijtimoiy jihatdan zarur ishlar amalga oshirilishi uchun;
4) ish beruvchining mulkini nobud qilish yoki unga zarar yetkazishning oldini olish uchun.
Ammo hech qanday yuqoridagi asoslarsiz, xodimlarning roziligisiz, ayniqsa oʻzining xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlar uchun navbatchilikka jalb qilinsa, bu majburiy mehnat hisoblanadi.
Majburiy mehnat uchun Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi bilan 41 mln 200 ming soʻmgacha, agar pedagog xodimga nisbatan sodir etilsa, 61 mln 800 ming soʻmgacha jarima qoʻllaniladi.
