Xitoylik o‘qituvchi plastik idishdan ikki bosqichli suv raketasini yasadi

Xitoylik o‘qituvchi plastik idishdan ikki bosqichli suv raketasini yasadi

Xitoyning Jiangxi viloyatidagi o‘qituvchi o‘quvchilari bilan birgalikda ikki bosqichli suv raketasini yasagan.

 

Qayd etilishicha, raketa oddiy plastik idishlar va suv yordamida tayyorlangan bo‘lib, suv va havo bosimi prinsiplari asosida uchirilgan.

 

Raketaning birinchi bosqichi kuch bilan osmonga ko‘tarilib, ikkinchi bosqichi ajralib chiqqan va parvozni davom ettirgan. Parvoz yakunida raketaga o‘rnatilgan parashyut ochilib, xavfsiz qo‘nish ta’minlangan.

 

Raketa uchirilishi bilan bog‘liq video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, tomoshabinlar tomonidan yuqori baholandi. Ko‘plar o‘quvchilarning aniqligi, hamkorligi va fizikaga bo‘lgan tushunchasini alohida ta’kidlagan.

 

Ayrimlar bu tajribani bolalar uchun ajoyib ilmiy mashg‘ulot deb atagan bo‘lsa, boshqalar buni maktab davridagi ilmiy tajribalar bilan qiyoslagan.

 

Ma’lum qilinishicha, raketaning dastlabki ko‘tarilishi bosim ostidagi suvning chiqishi hisobiga amalga oshadi. Ma’lum balandlikka yetgach, ikkinchi bosqich ajralib chiqib, saqlangan havo bosimi yordamida parvozni davom ettiradi. Ushbu mexanizm Nyuton qonunlari, havo qarshiligi va bosim dinamikasi kabi muhim fizika tushunchalarini yaqqol namoyon etgan.