“2026–2030-yillarga moʻljallangan Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar ayrim belgilangan taʼlim tashkilotlariga Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi qaroriga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligining yoʻllanmasiga muvofiq joylashtirilishi mumkin.
Bunda yoʻllanma asosida yuboriladigan ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar taʼlim tashkilotlariga bepul asosda, sinovlar va qoʻshimcha imtihonlarsiz qabul qilinadi.
Shuningdek, har oʻquv yili yakunida vazirlik va idoralar tomonidan tasarrufidagi taʼlim tashkilotlarining qabul kvotasini tasdiqlashda ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalar uchun 5 foizgacha qoʻshimcha kvota ajratiladi.
Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya zimmasiga quyidagi qoʻshimcha funksiyalar yuklanadi:
– bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish faoliyatini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, Bolalar masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar tomonidan koʻrilayotgan choralarning natijadorligini oʻrganish;
– qoʻshimcha kvota asosida taʼlim tashkilotlariga qabul qilingan ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda boʻlgan bolalarning xulq-atvori va oʻzlashtirishini tahlil qilish.
