Qashqadaryodagi xususiy bog‘chalardan birining subsidiya puli to‘lab berildi

Qashqadaryodagi xususiy bog‘chalardan birining subsidiya puli to‘lab berildi

Qashqadaryo viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi “Tong yulduzi” (nomi oʻzgartirilgan) NMTT subsidiya toʻlab berilishida amaliy yordam soʻrab Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilgan.

 

Aniqlanishicha, 2025-yil oktyabr va noyabr oylari uchun bolalar va xodimlar kunlik davomatdan toʻgʻri, aniq oʻtkazilganiga qaramasdan, subsidiya toʻlanmasdan qolgan.

 

Vazirlar Mahkamasining 02.08.2022-yildagi 426-son qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar va kompensatsiyalar toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 32-bandiga koʻra, subsidiyalarning oylik summalari ish soatlari mobaynida NMTTBATda qayd etilgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomati asosida hisoblanadi. Bunda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda koʻrsatilgan DXSH asosidagi MTTning manzili (joylashuvi boʻyicha geolokatsiyasi)dan boshqa joyda qayd etilgan xodimlar va tarbiyalanuvchilarning davomati NMTTBATda hisobga olinmaydi va ular uchun subsidiya toʻlanmaydi.

 

Biznes-ombudsman devoni aralashuvi natijasida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan NMTM amalga oshirgan yoʻqlamalarda tashkilot hududini (lokatsiyasini) soxtalashtirish mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emas deb topilib, oktyabr va noyabr oylari uchun jami 131 mln soʻm subsidiya pullari toʻlab berilgan.