Kelasi o‘quv yilidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yangi taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi

Kelasi o‘quv yilidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yangi taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi

Prezidentning 2025-yil 18-dekabrda “Davlat auditi va moliyaviy nazorati faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–252-son Farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishdan boshlab, loyihalarni foydalanishga topshirishga qadar barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtiriladi. Bunda:

 

– rivojlantirish dasturlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Kapital qoʻyilmalar” avtomatlashtirilgan axborot tizimida elektron shakllantiriladi;

 

– Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish “Shaffof qurilish” platformasida amalga oshiriladi;

 

– buyurtmachi va pudratchilar oʻrtasida bajarilgan ishlar boʻyicha hisobvaraq-fakturalarni kelishish “Shaffof qurilish” platformasida ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida “Kapital qoʻyilmalar” avtomatlashtirilgan axborot tizimida amalga oshiriladi.

 

2026-yil 1-iyuldan avtomobil yoʻllari qurilish jarayonlari doirasida kosmik tasvirlar va dronlar yordamida qurilish hamda moliyalashtirish hajmlarini solishtirish asosida monitoring qilinadi.

 

2026/2027 oʻquv yilidan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida taʼlim yoʻnalishi shaklida Davlat auditi oliy maktabi tashkil etiladi.