Oʻqituvchi oʻdagʻaylab qaragani uchun ham javobgarlikka tortmasligimiz kerak — Alisher Qodirov

Oʻqituvchi oʻdagʻaylab qaragani uchun ham javobgarlikka tortmasligimiz kerak — Alisher Qodirov

Joriy yilning 17-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bir qator qonun loyihalari qizgʻin muhokama qilindi.

 

Xususan, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasida aks etgan taʼlim tashkilotida taʼlim-tarbiya beruvchi shaxs tomonidan bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilgani uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashga qaratilgan norma bahslarga, tortishuvlarga sabab boʻldi.

 

Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov taʼlim-tarbiya berish jarayonida bolaga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilgani uchun pedagogni bir yil davomida pedagogik faoliyatdan chetlatishga oid ushbu normaga mutlaq qarshilik bildirdi.

 

“Lekin bir narsani esimizdan chiqarib qoʻymoqdamiz, ta’limda majburlash bor. Ota-bobolarimiz ham ta’limni shunday olishgan. Keyin ilmli odam paydo boʻlgan” — deydi Qodirov.

 

Yana bir qator deputatlarning aynan ushbu norma yuzasidan bildirgan eʼtiroz va takliflaridan soʻng reglamentga koʻra, qoʻmita taklifi ovozga qoʻyildi. Ammo ushbu modda yetarlicha ovoz toʻplay olmadi. Shundan soʻng loyiha normalarini qayta koʻrib chiqish maqsadida qonun loyihasi masʼul qoʻmitaga qaytarildi.