Ombudsmanlar hamkorligi natijasida Rossiyadagi 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga nisbatan qo‘llangan ma’muriy jazo bekor qilingan. Bu haqda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazilgan. Qabul davomida Rossiyadagi “Iqtisod oliy maktabi” milliy tadqiqot universiteti (NIU VSHE)da tahsil olayotgan 31 nafar o‘zbekistonlik talabaning murojaati ham qabul qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, universitet ma’muriyati tomonidan talabalarning migratsiya hisobiga turish uzaytirilishi qoidalari to‘g‘risida vakolatli organlarga o‘z vaqtida ma’lumot berilmagan. Oqibatda talabalar Rossiya hududida 90 kundan ortiq qolib ketgan va migratsiya qoidalari buzilgan deb baholanib, talabalarning xabariga ko‘ra, 40 ming rubl miqdorida jarima to‘lash talab qilingan.
Ushbu holat Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan nazoratga olinib, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya xizmati bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, chet ellik talabalarning vaqtincha turish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlariga ushbu talabalarga nisbatan jarima solish yoki Rossiya Federatsiyasi hududidan ma’muriy chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazo choralarini istisno tariqasida qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, ushbu ish ortidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova va Belarus davlatlaridan kelib ta’lim olayotgan 200 dan ortiq talabalarning ham muammolari ijobiy yechim topgan.
