Bolalar ombudsmani kotibiyatiga Toshkent viloyati, Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.N ning murojaati kelib tushgan.
Murojaatga ko‘ra, Zangiota tumanida joylashgan ta’lim muassasasida maktab direktori hamda ayrim pedagoglar tomonidan o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish (daraxt oqlash, yer sug’orish, qor kurash kabi) holatlariga yo‘l qo‘yilganligi bildirilib, mas’ullarga chora ko‘rish so‘ralgan.
Mazkur holat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, aniqlanishicha, go‘yoki tarbiyaviy jazo chorasi deb o‘quvchilarga nisbatan majburiy mehnatga yo’l qo’yilgan.
‘‘Ushbu qonunbuzarlik holati yuzasidan maktab ma’muriyatiga nisbatan MJTK ning 51-modda 1-qismi bilan (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) ma’muriy jarima jazosi qo‘llanildi.
Bolalar ombudsmani ta’lim muassasalarida bola manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi’’– deyiladi xabarda.
