Ozarbayjonda 8 nafar oʻquvchi saqichdan zaharlandi. Bu haqda oxu.az nashri xabar berdi.
Boku shahrining 14-sonli o‘rta maktabida 11-dekabr kuni sakkiz nafar o‘quvchi birdaniga sog‘ligida muammo sezib, tez yordamga murojaat qilgan. Bolalarda ko‘ngil aynishi, holsizlik, lablarning shishishi, terida toshma va tomoqda achishish kabi belgilar kuzatilgan.
Maktab ma’muriyatining ma’lum qilishicha, o‘quvchilar o‘zini yomon his qilishi bilanoq tez yordam chaqirilgan. Besh nafar o‘quvchi A.F. Garaev nomidagi bolalar klinik shifoxonasiga, yana uch nafari Narmonov yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Shoshilinch tibbiy yordam xizmati xabariga ko‘ra, bolalardan birida yuqori nafas yo‘llari infeksiyasi, qolgan yetti nafarida esa o‘tkir gastrit aniqlangan. Zarur muolajalardan so‘ng barcha bemorlarga uyiga javob berilgan.
Dastlabki tekshiruvlar hodisaga o‘quvchilardan biri yo‘lda sotib olib, sinfdoshlariga ulashgan saqich sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Oziq-ovqat bo‘yicha ekspert Mubariz Velievning ta’kidlashicha, ko‘rilgan belgilar zaharlanishdan ko‘ra, ko‘proq allergik reaksiyaga o‘xshaydi.
Ozarbayjon Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi (APXA) hodisa yuzasidan tegishli idoralar bilan birgalikda tekshiruv boshlab, jarayon nazorat ostiga olinganini ma’lum qilgan.
O‘quvchilarning hozirgi ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Avvalroq, Avstraliya va Yangi Zelandiyada maktablar o‘yingoh qumida zaharli modda topilgani bois yopilgani haqida xabar bergan edik.
