Amaldagi tartibga koʻra, dars mashgʻulotining davomiyligi 45 daqiqa etib belgilangan. Bu normani yuqori turuvchi tashkilotning maxsus koʻrsatmasi boʻlmay turib, mutlaqo oʻzgartirib boʻlmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomning 25-bandida taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishdagi aniq muddatlar belgilab berilgan.
Yaʼni, taʼlim muassasalarida oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga toʻliq amal qilinadi:
– oʻquv yilining davomiyligi — 34 hafta (I sinflar uchun — 33 hafta);
– oʻquv haftasining davomiyligi — 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga koʻra I-IV sinflar uchun — 5 kun);
– dars mashgʻulotining davomiyligi — 45 daqiqa;
– dars mashgʻulotlar oraligʻidagi tanaffusning davomiyligi 5-10 daqiqa (oʻquv kuni oʻrtasidagi tanaffusning davomiyligi 15-30 — daqiqa).
Maktab maʼmuriyati yuqorida belgilab berilgan muddatlarga toʻliq rioya qilishi zarur.
Xulosa qilib aytganda, dars jarayoni vaqtini 45 daqiqadan 40 daqiqaga qisqartirish mumkin emas.
Ammo dars mashgʻulotlari oraligʻidagi tanaffuslarning davomiyligini 5 daqiqagacha qisqartirish mumkin.
