Maktablarda dekabrda tarifikatsiya oʻtkazilib, darslar qayta taqsimlanishi kerakmi?

Maktablarda dekabrda tarifikatsiya oʻtkazilib, darslar qayta taqsimlanishi kerakmi?

Koʻpchilik pedagoglar dars taqsimoti faqat oʻquv yili boshida, yaʼni sentyabr oyida bir marta qilinadi va yil oxirigacha oʻzgarmaydi, degan fikrda yuradilar. Aslida esa vaziyat boshqacha va bundan oʻz foydangizga foydalanishingiz mumkin.

 

Agar oʻquv yili davomida (masalan, noyabr yoki dekabr oylarida) malaka toifangiz koʻtarilgan boʻlsa, siz yangi yildan boshlab koʻproq dars soati talab qilishga haqlisiz.

 

Tartib qanday ishlaydi?

 

Maktablarda dars soatlari maxsus nizomga asosan ustuvorlik tamoyili boʻyicha taqsimlanadi. Yaʼni, kimning koʻrsatkichlari (toifasi, yutuqlari) yuqori boʻlsa, oʻsha oʻqituvchiga maksimal soat berilishi kerak.

 

Garchi asosiy taqsimot 15-sentyabrgacha yakunlansa-da, qonunchilik pedagogik kengashga dars soatlarini qayta koʻrib chiqish vakolatini beradi. Demak, siz yangi toifa olganingizdan soʻng, maktab maʼmuriyatiga murojaat qilishingiz va yanvar oyida pedkengash qarori bilan yuklamangizni oshirishlarini soʻrashingiz mumkin.

 

Keling, misol bilan koʻrib chiqamiz: maktabda ona tili fanidan ikki oʻqituvchi bor: Zulfiya opa – Oliy toifali (20 soat darsi bor). Nasiba opa – Birinchi toifali (14 soat darsi bor). Nasiba opa dekabr oyida attestatsiyadan oʻtib, Oliy toifa oldi. Endi u ham xuddi Zulfiya opa kabi yuqori salohiyatga ega kadr hisoblanadi.

 

Bu holatda dekabr oyida pedagogik kengash chaqiriladi. Zulfiya va Nasiba opalarning koʻrsatkichlari endi teng boʻlgani sababli, mavjud umumiy dars soatlari ularning oʻrtasida teng boʻlinadi. Natijada, Nasiba opaning dars soatlari koʻpayib, ikkala oʻqituvchiga ham maksimal darajada bir xil (masalan, 17-18 soatdan) dars yuklamasi belgilanishi mumkin.

 

Asos: “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, 15-band.

 

Avvalroq, endi maktablarda darslar qaysi mezon asosida taqsimlanishi haqida xabar bergan edik.