O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi 37-son farmonida 2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanishi belgilangan.
Eslatma! Ustama olish uchun pedagoglarda kamida B+ (80) va undan yuqori natijadagi milliy sertifikat bo‘lishi kerak.
Ungacha milliy sertifikatga ega bo‘lgan ona tili va adabiyot hamda tarix fani o‘qituvchilariga 20 foiz miqdorida ustama to‘lab berilgan. 2025-yildan boshlab esa ushbu ustamalar miqdori 50 foizga oshirilgan.
Ma’lumot uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2025-yil 1-yanvardan boshlab ona tili va tarix fani o‘qituvchilariga milliy sertifikat uchun 50 foiz ustama to‘lash to‘g‘risida 2024-yil 19-dekabr kuni hududiy MMTBlarga ko‘rsatma xati yuborgan edi.
