O‘zbek tili sertifikati bo‘yicha aprobatsiya imtihoni o‘tkazildi

O‘zbek tili sertifikati bo‘yicha aprobatsiya imtihoni o‘tkazildi

Prezidentning 2020-yil 20-oktyabrdagi PF–6084-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”  qabul qilingan edi.

 

Ushbu farmon ijrosini ta’minlash, o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish bildirayotgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini tasdiqlovchi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan 2025-yil 3-dekabr kuni respublika hududlarida chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilidan malaka sertifikatini berish imtihoni aprobatsiya tariqasida o‘tkazildi.

 

Aprobatsiya jarayonida imtihon formatlari, test topshiriqlarining tuzilishi, baholash mezonlari hamda “Uzbek language proficiency test” elektron platformasining ishlash mexanizmi amaliyotda sinovdan o‘tkazildi.

 

Olib borilgan aprobatsiya natijalari asosida malaka imtihoni tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli taklif va xulosalar ishlab chiqiladi. Imtihon xalqaro CEFR mezonlari asosida A1, A2 va B1 darajalarini qamrab olgan holda tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish bo‘yicha to‘rtta asosiy ko‘nikma kesimida onlayn shaklda tashkil etildi.

 

Imtihonda 332 nafar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etgan.

 

Natijalar tahliliga ko‘ra, imtihon topshiriqlari mazmuni va formati, baholash mezonlari, imtihon davomiyligi hamda platforma funksional imkoniyatlari qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtiriladi.

 

Tilshunoslar, soha mutaxassislari, ziyolilar, pedagoglardan oʻz takliflarini bildirishi mumkin. Buning uchun (95) 515-68-68 raqamlari, Agentlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari murojaat qilish lozim.