Ikki kun oldin Guliston shahri Taraqqiyot mahallasidagi buyum bozori hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz ballon portlab, 29 nafar odam jarohat olgan.
Sirdaryo viloyati MMTB Talimxabarlari.uz saytiga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, portlash 10:49 da sodir bo‘lgan. Bu paytda o‘quvchilar darsda bo‘lishgan. Hodisa ishtirokchilari orasida maktab o‘quvchilari yo‘q.
Bugun Prezident Sirdaryoga tashrifi doirasida shifoxonaga kelib, jarohat olganlar holidan xabar oldi, yaqinlari bilan suhbatlashdi.
Shuningdek, Prezident bugungi Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasiyasida ishtirok etib, baxtsiz hodisaning qurbonlari oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Uch kun muddatda qurbon bo‘lganlarning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratish topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda bog‘cha, maktab, shifoxona o‘rinlarini ko‘paytirish, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llarni yaxshilash bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi.
Birgina misol, shu yilning o‘zida Sirdaryo aholisining turmushini yaxshilash uchun 100 million dollar berildi.
Natijada 47 ta maktab, 45 ta bog‘cha, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani to‘liq ta’mirdan chiqarilib jihozlandi.
Shuningdek, 87 kilometr tarmoq tortilgani uchun Guliston shahridagi 22 ming xonadonga ichimlik suv uzluksiz boryapti.
Yil yakunigacha yana 9 kilometr yangi tarmoq o‘tkazilib, Mirzaobod, Sardoba, Boyovut, Xovos tumanlari va Yangiyer shahridagi 12 ming xonadon doimiy ichimlik suv bilan ta’minlanadi.
Bu ishlar davom ettirilib, viloyatdagi elektr, yo‘l, suv, kanalizatsiya va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun kelasi yil yana 100 million dollar ajratilishi belgilandi.
