Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1-dekabr kuni sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport va kosmos sohalarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
“Kelgusi oʻquv yilidan maktab, texnikum va oliygohlarda oʻquvchi va talabalarga sunʼiy intellektni oʻqitish boshlanadi. Buning uchun informatika oʻqituvchilari tayyorlanmoqda. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sunʼiy intellektdan foydalanishga oʻrgatib, oʻqituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Shunda oʻqituvchida oʻz ustida ishlashga koʻproq vaqt qoladi”, deya taʼkidlandi yigʻilishda.
Taqdimotda bu boradagi yangi yondashuvlar koʻrib chiqildi.
Jumladan, maktab taʼlimi uchun sunʼiy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda oʻqituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi. Ushbu yechim oʻqituvchilarga mavzuga doir maʼruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda koʻmaklashadi.
Yigʻilishda hokimlarning raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchilarining malakasini oshirish dasturi haqida axborot berildi.
Transport sohasida ham sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, sunʼiy intellekt yordamida yoʻllardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yoʻlda avariyalar xavfini kamaytirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar boʻyicha yangi tashabbuslar ishlab chiqilgan. “Samarqand-2028” sunʼiy yoʻldoshini ishlab chiqish ishlarining borishi koʻrib chiqildi. Yerni masofaviy zondlashga moʻljallangan mazkur yoʻldosh uchun sunʼiy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yoʻldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xoʻjaligi ekinlari va oʻrmonlarni monitoring qilishda qoʻllash mumkin boʻladi.
Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari koʻrib chiqilgan loyihalar ijrosini jadallashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada foydalanishni kengaytirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
